O‘zbekistondagi bugungi maorif tizimi maqtovga loyiqmi?

Toshkentdagi anjumanda mustaqil O‘zbekistonda yaratilgan ta‘lim tizimining eng istiqbolli ekani aytilarkan, yuqori minbardan e‘lon qilingan bayonotlarning O‘zbekistondagi haqiqiy reallikka naqadar mos tushishi mavzusi qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston poytaxtidagi anjuman "Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash - mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti" deb nomlangan.

Jahonning 50 ka yaqin mamlakatidan borgan ishtirokchilar qarshisida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ma‘ruza qilgan.

Prezident Islom Karimov aytishicha, har yili maorif dasturlarini rivojlantirishga O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsulotining 10-12 foizi yo‘naltiriladi, ta‘lim tizimiga davlat byudjetining 35 foizdan ortiq mablag‘i sarflanmoqda.

Mamlakatdagi 9,5 mingga yaqin yoki jami mavjud maktabning deyarli hammasi qayta qurilgani yoki yangilari barpo etilgani, oxirgi yillarda 1500 dan ziyod professional kollej va akademik litseylar qurilgani aytilgan.

Prezident Karimov o‘qituvchilarning maoshlari O‘zbekistondagi o‘rtacha maoshdan bir yarim ko‘p, deb aytgan.

Rasmiy statistikaga qaraladigan bo‘lsa, bu 600 ming O‘zbek so‘mi yoki 200 AQSh dollaridan sal ko‘proq, demakdir.

O‘zbekiston rahbarining ma‘ruzasida mamlakatdagi aholining 35 foizini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, jami aholining 62 foizdan ziyodining yoshi 30 yoshgachani tashkil etishi aytilgan.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Abdulla Oripovning Toshkentdagi konferentsiyada e‘lon qilishicha, mamlakatdagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining asosiy talabgorlari O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonalaridir, bu esa malakali mutaxassislarning darrov ish bilan ta‘minlanishiga xizmat qiluvchi omil bo‘layapti.

Xalqaro anjumanda ma‘ruza qilgan Osiyo Taraqqiyot banki Prezidenti Xaruxiko Kurodaning O‘zbekistondagi maorif tizimi islohotiga yuqori baho bergani, tizimga davlat e‘tibori iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashayotganini aytgani xabar qilingan.

Keng muhokamaga arzigulik mavzu

Toshkentdagi anjuman minbaridan aytilgan so‘zlar O‘zbekistondagi haqiqiy ahvolga naqadar mos kelishiga ko‘plab kuzatuvchilar shubhalanishadi.

Xalqaro anjuman xabari "Fergana.ru" axborot agentligida keng muhokama forumiga aylangan.

O‘zbekistonda 1997 yilda "Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi" deb atalgan dastur qabul qilingan, ushbu dasturning hayotga tatbiq etilishi o‘zbekistonliklarning umumiy savodxonligiga qanchalar ta‘sir ko‘rsatgani mustaqil tadqiqot tashkilotlari tomonidan o‘rganilmagan.

Aksar kuzatuvchilar bolalarning bugungi O‘zbekiston ta‘lim muassasalarida olayotgan bilimlari darajasi Sho‘ro davrida olingan bilimga nisbatan pasayib ketgan, deb hisoblaydilar.

Mamlakatning hamma shaharlarida dars soatlari paytida bozorda yoki ko‘chalarda bekor yurgan o‘quvchilarni ko‘rish mumkin, qishloq joylaridagi bolalar o‘quv yilining bir necha oyini paxta terish yoki g‘o‘za yaganalashga sarflashi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlarida e‘lon qilingan.

Maktabning 9-sinfini bitirgan ko‘p sondagi bolalarning darrov Rossiya yoki Qozog‘istonda mehnat muhojiri bo‘lib yurgan ota-onasi yoniga qo‘shilishga intilishlari bir necha yildan buyon kuzatiladi, Rossiyada O‘zbekistondan borgan yoshlarning eng oddiy narsalarni ham bilmasliklari mahalliy matbuot mavzulariga aylangan.

Bugungi kunda na kirill yozuvini, na lotin yozuvini o‘qiy oladigan avlod vakillari voyaga yetgan.

Mamlakatda kasb-hunar kolleji, akademik litsey qurish mahalliy amaldorlarning qurilish uchun mo‘ljallangan davlat mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirishi yo‘liga aylangani allaqachon sir bo‘lmay qolgan, aynan shu jinoyatlari uchun bir qancha mansabdorlar javobgarlikka tortilgani mahalliy matbuotda ham yoritilgan.

Aksar kollej va litseylar rahbariyati "yuqoriga" "o‘zlarida qancha talaba ta‘lim olayotganlari" haqida hisobot topshirishlari, ammo amalda kollej yo litseyga qabul qilingan bolalarning qayerdaliklarini o‘zlari ham bilishmasligini tan oladilar.

O‘zbekistonda lotin alifbosiga o‘tishga bag‘ishlangan qonun bir necha marta qabul qilingan, biroq O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 1989 yildan to shu kungacha ham mamlakat rahbariyati bu borada bir qarorga kelgani yo‘q.

Qator ziyolilar lotinlashtirish siyosati umumiy savodxonlikka salbiy ta‘sir ko‘rsatishi haqida maqolalar e‘lon qilganlar.

Sho‘rolar davridagi abituriyent bilimini aniqlaydigan kirish imtihonlari o‘rniga joriy etilgan davlat test imtihonlari oliy va o‘rta o‘quv yurtlaridagi korruptsiya, poraxo‘rlikni kamaytirish o‘rniga yanada kuchaytirgan.

Siz O‘zbekistondagi maorif tizimi haqida qanday fikrdasiz?