Hukumat yoshlarning turmush qurishini nazorat eta oladimi?

Image caption O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bir yarim mingdan ziyod kollej barpo etildi

O‘tgan hafta Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda ma‘ruza qilgan Prezident Islom Karimov qizlarning kasb-hunar kollejini bitirgach, turmushga chiqishi maqsadga muvofiq ekanini aytgan.

Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy ta‘lim 12 yil qilib belgilangan esa-da, ayniqsa, qishloq joylarida qizlarni erta turmushga uzatish odat tusiga kirgan.

Maorif mutasaddilari tuman va qishloqlardagi kollejlarning bugungi kunda o‘zini oqlay olmayotgani va bitiruvchilarga hayotda as qotadigan kasbni o‘rgata olmayotganini aytishadi.

Bunday o‘quv yurtlarida talabalarning faqat nomi boru o‘zi yo‘qligi aytiladi.

O‘zbekiston prezidenti 9 yillik umumiy ta‘limdan so‘ng qizlar yigitlar bilan baravar kasb olishlari lozimligini aytgan.

"Umumiy ta‘limdan so‘ng odamlar majburiy ravishda kasb mutaxasisligiga ega bo‘lishi kerak. Qizlarimiz majburiy ravishda o‘g‘il bolalar bilan birgalikda 12 yillik ta‘limni olishi va 2-3 mutaxassislik bo‘yicha kasbga ega bo‘lishi darkor", - deb aytgan Islom Karimov.

O‘zbekistonda bundan 15 yil muqaddam qabul qilingan "Kadrlarni tayyorlash milliy dasturi"ga muvofiq, mamlakatda ta‘lim va kasb o‘rganish 9+3 tizimida amalga oshiriladi.

To‘qqiz yil umumta‘lim maktablarida tahsil olgan o‘quvchilar majburiy ravishda o‘qish va kasb egallashni maxsus qurilgan kollejlarda davom ettiradi.

Istovchilar kollejdan so‘ng ta‘limni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirishi mumkin.

Shu maqsadda har birining qiymati yarim million dollardan kam bo‘lmagan bir yarim mingdan ko‘proq yangi kasb hunar kollejlari barpo etildi.

Hozir mamlakatning olis qishloqlarida ham ta‘limni davom ettirish uchun kollejlar barpo qilingan.

Biroq qishloq aholisi maktab o‘quvchilarining kollejlarda o‘qishi asosan hujjatlarda bo‘layotgani, yoshlar amalda o‘z yo‘lini topish uchun turli yo‘nalishlarni tanlayotganini aytishadi.

Qizlar turmushga yigitlar xorijga Qizlar asosan turmushga chiqishadi, yigitlar esa ish izlab xorijga chiqib ketishadi.

Samarqand viloyatidagi qishloqlardan birida dars beruvchi Shomirza aka qizlarning turmushga chiqishi qishloq joylarda 17 yoshdan boshlanishi va kollejda o‘qib yurgan vaqtda to‘y bo‘lish hollari haqida so‘zlaydi.

"Hozir ham shunday. Maktabni tugatib hujjatlarni kollejga topshiradi. Uyiga sovchi kelsa, qizni berib yuboraveradi. Ko‘plarining to‘yi nikohni tegishli organlardan qayd etmasdan bo‘lgan. Ammo farzandli bo‘lishdan oldin guvohnoma olish uchun hujjat to‘g‘irlash kerak. Shuning uchun hujjatlarni keyinroq to‘g‘rilaydi", - deydi Shomirza aka.

So‘nggi vaqtlarda ta‘lim boshqarmalari tomonidan qizlarning 12 yillik ta‘limni olmasdan turmushga chiqishini nazorat qilish bo‘yicha chora tadbirlar ishlab chiqilgan.

Maktabda joriy etilgan psixolog kasbi egalari maktabni bitirgan yigit-qizlarning kollejda o‘qishini tekshirib tuman xalq ta‘lim boshqarmasiga xisobot yozib turishi kerak.

"Maktabni bitirgandan so‘ng to‘rt yilgacha bolalarning ro‘yxatini so‘rayapti. Qishloqdan kollejga borib o‘qiyotgan qizlarni uchinchi kursgacha o‘qishini va turmushga chiqmasligini nazorat qilasizlar, deyapti. Lekin qishloq sharoitida qizning otasi turmushga beraman desa, berma, deb talab qilolmaymiz. Shunday holatlarda o‘qituvchilar majbur boshqarmaga kollejda o‘qiyapti, deb yolg‘on hisobot beradi", deydi maktabda psixolog bo‘lib ishlaydigan Shomirza aka.

Maktab o‘qituvchisi tashkil qilingan kollej talabga javob bermasligi va imkonini topganlar farzandini kollejga yubormasligini aytadi.

Qishloq markazida tashkil qilingan kollejni bitirib o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan bola yo‘q.

O‘qishni davom ettirishni istagan tuman va qishloqlarda yashovchi yigit-qizlar maktabni bitirgach shahar markaziga kelishga harakat qiladi.

Qishloq va tumandagi kollejlarda mutaxassislik bo‘yicha sifatli ta‘lim berilmasligi bilan birga talabalar paxtani yagona qilishdan tortib uni terib olish jarayonigacha band bo‘ladi.

Cho‘l hududidagi maktablarning birini bitirgan ismi o‘zgartirilgan Gulnoza hujjatlarni kollejga topshirib qo‘ygan, ammo o‘qishga bormaydi.

"Dars yaxshi bo‘lmaydi. Faqat chopiq, paxta, erta bahordan shanbalik kabi ishlarga olib chiqiladi. O‘tgan yili kollejni birinchi qaldirg‘ochlar bitirib chiqdi. Ularning ish bilan ta‘minlanganini eshitmadim", - deydi Gulnoza.

Gulnoza hozir kollejga borishning o‘rniga pul to‘lab to‘quvchilikni o‘rganmoqda. Hujjatlarini topshirgan o‘quv yurtida tikuvchilik kasbi o‘rgatilishi kerak bo‘lsa-da, bu sohani egallagan qizlar yo‘q.

"Kollejda o‘rganish uchun tikuv mashinasi kerak. Lekin u yerda mashina yo‘q. Qizlar shuning uchun qatnamaydi. Hozir kollejda maktab ta‘limi bo‘yicha dars o‘tiladi. Ikkinchi yoki uchinchi kursdan tikuvchilikni o‘rgatishi mumkin, ammo bu ham aniq emas", - deydi Gulnoza.

O‘zbekistonda kollejlarni bitirgan o‘quvchilarni ish bilan ta‘minlash maqsadi-da, "Bir fermerga – bir bitiruvchi" loyihasi ham yo‘lga qo‘yilgan.