Rossiyada 30 ming yillik urug‘dan jonli o‘simlik yaratildi

Image copyright YASHINA PNAS
Image caption Shu paytga qadar bunchalik qadimiy urug‘dan jonli o‘simlik yaratilmagani aytiladi

Rossiyalik olimlar abadiy muzliklar qatidan topilgan qadimiy urug‘ni jonlantirib, uni o‘stirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Tuproqshunoslik instituti biologlar o‘z tajribalari natijasini Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etishgan.

Olimlarning taxminlaricha, urug‘ 30 ming yillik tarixga ega.

Ammo ular urug‘dan undirgan echkimiya o‘simligi hozir ham Yoqutiston hududida keng uchraydi.

Rossiyada olib borilgan ushbu tadqiqot ishlariga kriobiologiya laboratoriyasi rahbari, geologo-mineralogiya fanlari doktori David Gilichinskiy boshchilik qilgan.

Ammo maqola jurnal yuzini ko‘rishiga ikki kun qolganda olimning o‘zi qazo qilgan.

Bundan avval o‘stirishga muvaffaq bo‘lingan qadimiy urug‘ning yoshi qariyb 2.000 yilga borib taqaladi.

Isroildagi Mosad qal‘asi himoyachilari tomonidan asrab kelingan qadimiy urug‘ anjirniki bo‘lgani aytiladi.

Topildiq

Rossiyalik biologlar Magadan viloyatidagi 38 metr chuqurlikdagi abadiy muzliklar qatidan topilgan o‘simlik qoldiqlari ustida ish olib borishgan.

Kolыma daryosi sohillarida kech pleystotsen davriga xos o‘simliklar qoldiqlari saqlanib qolgan muz qatlamlari tez-tez uchraydi.

Echkimiya uncha baland bo‘lmagan ko‘p yillik va qattiq muzlashga chidamli o‘simlik hisoblanadi.

Uning qadimiy urug‘i esa, o‘sha paytda yashagan olmaxonlarning muzlab qolgan inidan topilgan.

Ayon bo‘lishicha, olmaxonlar o‘z inlarini echkimiya poyalaridan yasagan bo‘lishgan.

Bir guruh kriobiologlar topilgan echkimiya qoldiqlaridan bir nechta pishib yetilmagan urug‘ni olib, ularni o‘stirishga muvaffaq bo‘lishgan va olib, tuproqqa o‘tqazishgan.

Buning ortidan, rossiyalik olimlar ilk bor abadiy muzliklar qatlarida bir necha o‘n ming yil qolib ketgan urug‘ni jonlantirishga muvaffaq bo‘lishgan.