Tojikiston: "Tablig‘ jamoati" a‘zolari ustidan hukm o‘qildi

Image caption Tojikistonda "Tablig‘ jamoati" faoliyati 2006 yilda man qilingan

Shimoliy Tojikistonda yetti kishi "Tablig‘ jamoati" nomli diniy guruhga mansublikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan.

Ular noqonuniy guruh tuzish yo unga a‘zo bo‘lishda aybdor deb topilganlar.

Shimoliy Tojikistonda birinchi marta "Tablig‘ jamoati"ga mansublikda ayblanganlar qamoq jazosiga hukm etilmoqda.

Tojikiston shimolidagi Bobojon G‘afurov tuman sudi mahkamaga tortilganlarni uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etgan.

Jazolanganlarning hammasi shu tumanning Qistako‘z qishlog‘ida yashashgan.

"Tablig‘ jamoati"ga a‘zlikda ayblanganlarning yoshi 27 dan 48 gacha ekani aytilgan.

Mahkamada aytilishicha, vaqtida Pokistonda ta‘lim olib qaytgan Abdujalol Valiyev va Tohir Zohirov da‘vati bilan boshqalar "Tablig‘ jamoati" guruhiga a‘zo bo‘lganlar.

Mahkamaga tortilganlardan birining himoyachisiga ko‘ra, aslida "Tablig‘ jamoati" a‘zolari hech bir yerda hech kimni biron-bir noqonuniy ishlarni bajarishga da‘vat etmaganlar.

Ular odamlarni faqatgina namoz o‘qishga va islomiy farzlarni bajarishga chaqirganlar.

"Tablig‘ jamoati"ga mansublikda ayblanganlar ko‘pincha dunyoviy ishlardan uzoqlashib, masjidda ibodat qilish bilan band bo‘lganlar.

Bu kabi ibodatlar uch yo 40 kundan tortib, to‘rt oygacha davom etgan.

Olti yil muqaddam Tojikiston Oliy sudi "Tablig‘ jamoati"ni noqonuniy deb e‘lon qilgandi.

Ortidan mamlakatda bu guruhga mansub ko‘rilganlarni aniqlash va jazoga tortish boshlanib ketdi.

Birgina 2010 yilning o‘zida Tojikiston janubida "Tablig‘ jamoati"ga mansub ko‘rilganlarning ikki yirik guruhi ustidan mahkamalar bo‘lib o‘tgandi.

Bu ikki mahkama hukmiga ko‘ra, 80 nafardan ortiq inson ikki-uch yillik muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yo jarimaga tortilgandi.

"Tablig‘ jamoati" yigirmanchi asrning o‘ttizinchi yillarida Hindistonda tashkil topilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, hozirda bu guruh mansublari dunyoning 120 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritishadi.

Keyingi yillarda Tojikistondan tashqari Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham "Tablig‘ jamoati" faollashgani kuzatilgan.

Tojikiston rahbarlari mamlakatda terrorchilik amallarini sodir etgan kishilar bilan birga "Tablig‘ jamoati" mansublarini ham Pokiston kabi chet davlatlarda o‘qib qaytishganini aytishadi.

Bu borada mamlakat prezidenti chiqishidan so‘ng Pokiston, Eron va arab mamlakatlarida ta‘lim olayotgan tojikistonlik yoshlarni Tojikistonga qaytarishga kirishildi.

Keyingi ikki yil davomida yuzlab tojikistonlik yoshlar vatanlariga qaytarildi.

Tojikistonda so‘nggi yillar turli noan‘anaviy diniy oqimlar kupaygani kuzatiladi.

Ular orasida "Tablik jamoati" doxil Hizb ut-Tahrir va "Salafiylar" guruxlari faollashayotgani aytiladi.

Bugunga qadar ayni guruhlarga a‘zolik ayblari bilan yuzlab tojikistonliklar turli qamoq jazolariga hukm etilganlar.