Abxaziya respublikasi prezidentiga suiqasd qilingan

Image copyright AFP
Image caption Bu galgi suiqasd Aleksandr Ankvabaga qilingan suiqasdlarning beshinchisidir

Gurjistonning bo‘lginchi Abxaziya respublikasi prezidenti Aleksandr Ankvabaga suiqasd uyushtirilgan.

Abxaziya prezidentining avtomobillar karvoni Gudautidan Suxumiga qarab yo‘l olgan bo‘lgan.

Prezidentning omon qolgani, biroq uning kamida bir tan qo‘riqchisi halok bo‘lgani, yana boshqasi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgani xabar qilingan.

Hujumchilar yo‘l chetiga bomba o‘rnatganlar, keyin avtomat qurollar va granatomyotlardan o‘t ochganlar.

"Men jarohat olmadim. Hozir bu haqda o‘ylash ahvolida emasman", - degan Abxaziya rahbari Interfaks agentligiga.

Hodisa Gudauta shahriga yaqin joyda, janob Aleksand Ankvaba ishga borayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Bu prezident Ankvabaga keyingi yetti yil ichida qilingan beshinchi suiqasddir.

2005 yilning mart va aprelida Ankvabaning mashinasiga qarab avtomatdan o‘q otilgan.

Ikkinchi suiqasdda ham mashinasiga otilgan 17 ta o‘qdan janob Ankvaba omon qolgan, uni olib ketayotgan mashina haydovchisi oyog‘idan o‘q yegan.

2007 yilda Aleksandr Ankvabaning xizmat mashinasiga granatometdan o‘q otilgan. O‘shanda Ankvaba belidan yaralanadi.

2010 yil sentyabrida Aleksandr Ankvabaning Gudauta tumani Lixna qishlog‘idagi uyi granatometdan hujumga tutilgan.

Natijada Ankvaba bir necha jarohat va yengil kontuziya oladi.

Sovet tuzumi davrida huquqni himoya qilish tizimida ishlagan janob Ankvaba 28 yoshida Gruziya ichki ishlar vazirining o‘rinbosari qilib tayinlanadi.

Sovet Ittifoqining qulashi ortidan gruzin-abxaz urushida qatnashadi.

Jumladan, asirlarni almashtirish masalalari bilan ham shug‘ullanadi.

Yarashuv bitimidan so‘ng Moskvada yashaydi.

Abxaziyaga qaytgach, "Aytayra"("Uyg‘onish") muxolif harakatini tuzadi.

"Aytayra" rahbari Aleksandr Ankvaba 2004 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lganida, uni vatanida yetarli yashamaganlik sababi bilan ro‘yxatga olinmaydi.

2005 yilda Abxaziya bosh vaziri, 2009 yilda uning vitse prezidenti bo‘ladi.

Abxaziyaning oldingi rahbari Sergey Bagapshaning vafoti tufayli e‘lon qilingan muddatidan oldingi saylovlarda 54,86 foiz ovoz bilan g‘olib chiqadi.

Gruziya hukumati saylovlarni tan olmagan.

Rossiya armiyasi ishg‘ol qilgan Abxaziyani Gruziyaga qaytarilishi adolatli bo‘lishini aytgan.

2012 yilda Abxaziya respublikasini faqat Rossiya, Venesuela, Nikaragua,Tuvalu, Nauru va Vanuatu davlatlari tan olgan.