O‘zbekistonning suv bosgan mintaqasida ta‘mirlash ishlari boshlandi

Image copyright b
Image caption G‘allaorol tumanining birgina Juma qishlog‘ida kamida 150 xonadon yaroqsiz holga kelgan

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani suv bosgan qishloqlardagi strategik inshootlarda tiklash ishlari boshlangan.

Uyi suv ostida qolgan ayrim fuqarolar boshqa tumanlarlardagi mehmonxona va turar joylarga vaqtinchalik joylashtirilmoqda.

Jabr ko‘rganlar uchun butun viloyat bo‘ylab yordam yig‘ilayotgani xabar qilinadi.

Hokimiyat uysiz qolganlarga qurilish mollari berish orqali yordam ko‘rsatishini bildirgan, ammo bu yordamni hozirgacha hech kim olgani yo‘q.

Suv bosishi ortidan yaroqsiz ahvolga kelib qolgan yo‘l va ko‘priklarda tiklash ishlari ketmoqda.

Suv bosgan qishloqlarning birida yashovchi suhbatdoshimizning aytishicha, ayni damda ko‘prik va yo‘llar foydalaniishga topshirilgan.

"Buzilgan joylarni boshqatdan qurishyapti. Aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishayapti. Gazlarning quvurlari uzilib ketgan, muhtojlarga ko‘mir berishyapti. Tuman markaziga boradigan qilib yo‘larni qaytadan ta‘mirlab chiqishdi", - deydi uyi suv ostida qolgan suhbatdosh.

Viloyat hokimiyati korxona va davlat muassasalariga suv toshqinidan jabr ko‘rganlarga atab yordam yig‘ishni topshirgan.

Kiyim kechak, ko‘rpa-to‘shak va o‘tin yig‘ilayotgani ma‘lum.

Uysiz qolganlar boshqa tumanlarga va Jazzax shahridagi mehmonxona va turar joylarga vaqtinchalik olib kelinmoqda.

Ayni damlarda tuman, viloyat va vazirlikdan kelgan mas‘ullar tabiiy ofat sodir bo‘lgan joyda qarorgoh qurib falokat oqibatlari barataraf etish va aholiga yordam berish bilan mashg‘ul.

Ammo rasmiylar talofat miqyosi haqida biror izoh bergani yo‘q.

Voqea joyida bo‘lib turgan G‘allaorol tuman hokim o‘rinbosari Asad Mamatov keyinroq qo‘ng‘iroq qilishimizni aytib biror ma‘lumot bermadi.

Biroq voqea guvohlari talafot miqyosi katta ekanligini aytishmoqda.

Birgina Juma qishlog‘ida 150 uyning suv ostida qolib yaroqsiz ahvolga kelib qolgani va atrofdagi yana besh qishloqda yana bir qancha uyni suv olib ketgani aytilmoqda.

Bir qismi suv ostida qolgan uylarga ham loyqa natijasida borib bo‘lmayotgani ma‘lum.

Hokimiyat uysiz qolganlarga qurilish mollarini berish orqali yordam ko‘rsatishga va‘da bergan, ammo hozircha hech kim qurilishni boshlamagan va ushbu yordamni olganlar yo‘q.

"Odamlardan eshitishimcha, o‘sha joylardan qaytib uy qurish mumkin emas emish, qurmaysizlar deganmish. Haqiqatdan ham to‘g‘ri aytishayapti. Men soylikdan uy qurganman. Bugun shu falokat bo‘ldi, ertaga bo‘lmasligiga kim kafolat beradi," - deydi uyi suv ostida qolgan qishloq turg‘uni.

Suhbatdoshning aytishicha, mol mulkini yo‘qotgan odamlar tushkunlikka tushib qolmagan. Yo‘q yerdan shuncha bor bo‘ldi, harakat qilsak yana xudo beradi degan aqidada kelajakka umid bilan qarashmoqda.

O‘tgan hafta oxirida G‘allaorol tuman markazidan 60 chaqirim uzoqlikdagi olti qishloqni bir necha kun davomida suv bosgan.

Qishloq aholisi tog‘lardagi qorlarning erishi natijasida 2-3 kun davomida uylarning suv ostida qolganini va ko‘plab uylarni suv umuman yuvib ketganini aytgandi.

Falokat natijasida Jarbuloq qishlog‘ida bir ayolning halok bo‘lgani aytilgan, ammo rasmiy manbaalar ushbu xabarni na tasdiqlashdi va na inkor etishdi.