"O‘zbek uchog‘i Qozog‘iston havo kengliklarini buzib o‘tmagan"

Image caption "Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi"

O‘zbekiston chegara xavfsizligi qo‘mitasi Qozog‘istonga O‘zbekistonning uchuvchisiz uchog‘i uchib o‘tganligi haqidagi xabarni rad etdi, deb xabar beradi RIA agentligi.

O‘zbekiston chegara xavfsizligi qo‘mitasi xabarida aytilishicha, "Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabar tekshirilmagan.

"today.kz" saytida berilgan o‘zbek uchog‘i Qozog‘iston havo kengliklarini buzib o‘tganlik xabari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi".

Bu borada O‘zbekiston chegara xavfsizligi qo‘mitasi rasman e‘lon qilgan.

"Qozog‘iston davlati chegarasida uchoqsiz, yoki boshqa turdagi havo qo‘shinlariga qarshi operativ-qidiruv vositalaridan foydalanilmagan".

Bundan oldin Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning uchuvchisiz uchog‘i Qozog‘istonga o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

"Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari shtabi o‘zbek uchuvchisiz uchog‘i tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlikni tasdiqlagan.

Ayni paytda Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda. Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari shtabining yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy axborotni Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga yo‘llangan",- deb xabar bergan edi Tashqi ishlar vazirligi voizi Altay Abibullayev.

Hodisaning 16 fevral kuni Qozog‘istonning Qoraqalpog‘istonga chegaradosh Mang‘istau viloyatida yuz bergani haqida xabar qilingan.

Qozoq chegarachilariga ko‘ra, O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy chegarasi tomonidan uchib kelgan uchuvchisiz apparat Qozog‘istonning Beyneu posyolkasiga yaqin hududga o‘tgan.

Qozog‘istondagi KTK telekanali xabariga ko‘ra, "taxminan O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan uchuvchisiz uchoq ikki chegara darvozasi yaqinidan uchib o‘tgan, qayrilib olgan, chegara tomonga qarab uchib, qo‘shni davlat hududida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan".

Uchuvchisiz uchoqning juda ham pastlab uchgani, shuning uchun ham uni Qozog‘iston Havodan Mudofaa tizimi radarlari ilg‘amay qolgani aytilgan.

Noma‘lum uchuvchi apparatning Qozog‘iston hududida 15 daqiqa davomida parvoz qilib turgani, uni odamlar mobil telefonlarida videotasvirga olganlari haqida xabar qilingan.