Afg‘onistonda Qur‘on yoqilishiga qarshi namoyishlarda sakkiz kishi o‘lgan

Image copyright AFP
Image caption Butun Afg‘oniston bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlangan

Afg‘onistonda amerikalik askarlar Qur‘onni yoqqanlaridan so‘ng to‘rtinchi kundirki namoyishlar to‘xtamagan.

Xavfsizlik kuchlarining xabariga ko‘ra, Hirot shahridagi namoyishlar chog‘ida yetti kishi, Baglan viloyatida bir kishining o‘q tegib halok bo‘lgani aytilgan.

Kobulda to‘plangan g‘azabnok olomon shahar markaziga qarab yurgan.

Afg‘oniston shimolida ham norozilik namoyishlari bo‘layotganligi haqida xabarlar olingan.

Payshanba kuni kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki amerikalik askar ham halok bo‘lgan.

Amerika prezidenti Barak Obama afg‘on xalqidan kechirim so‘rab, bu hodisa "haqiqiy xato" bo‘lganini aytgan.

Prezident Hamid Karzay nomiga yozilgan maktubida Obama bo‘lib o‘tgan voqeadan "qattiq afsusdaligini" bildirgan.

Obamaning maktubini yetqazgan Amerikaning Afg‘onistondagi elchisi Amerika hukumati voqeaga aloqador barcha aybdorlarni topilishini aytgan.

Juma kuni butun mamlakat bo‘ylab muqaddas Qur‘onni yoqilishiga qarshi bir necha namoyishlar bo‘lib o‘tgani xabar qilingan:

Politsiyadagi manbaalarning aytishicha, beshta alohida guruh Kobulning turli joylarida namoyishlar boshlashgan.

Jumladan NATOning shtab kvartirasi va Amerika elchixonasiga qarab yurishgan.

300ga yaqin odam, asosan tayoqlar bilan qurollangan yosh bolalar, Kobuldagi harbiy o‘quv markaziga toshlar otganlar.

Xavfsizlik kuchlarining aytishicha, Baglan viloyatida 1000ga yaqin odam to‘plangan.O‘q ovozlari va toshlar otilgani xabar qilingan.

G‘aznada 600 dan ortiq namoyishchi gubernator idorasi oldida to‘planib, "Obamaga o‘lim", deb baqirishgan.

300ga yaqin kishi Qunduz viloyatida namoyishga chiqqan.

Nangarhar viloyatida bir necha ming namoyishchi shosseni to‘sib qo‘ygan.

Paktiya viloyatining poytaxti Gardezda ham norozilik chiqishlari davom etayotgani aytilgan.

Shimoliy Mozori Sharif shahrida ham namoyishlar boshlangan.

NATO va Amerika rasmiylarining sodir qilingan voqeadan afsusdaligi va kechirim so‘ragani odamlarning nafratini to‘xtata olmagan.

Payshanba kuni Tolibon afg‘on xalqini Qur‘onni "haqoratlagan" "bosqinchi kuchlar"ga qarshi hujum qilishga va namoyishlarni to‘xtatmaslikka chaqirgan.

Tolibon o‘zining murojaatida "Muqaddas Qur‘onni haqorat qilishga boshqa botinmasliklari uchun ularga yaxshi dars berish kerakligi"ni bildirgan.

O‘tgan yili amerikalik pastorning Qur‘onni yoqmoqchi bo‘lgani orqasidan Afg‘onistondagi norozilik chiqishlarida kamida 24 kishi halok bo‘lgan edi.