"Obidxon qoriga hujum ortida o‘zbek xizmatlari turgan bo‘lishi mumkin"

Image caption Viola Fon Kramon o‘zbek muxolifatchilariga qarshi hujumlar trendga aylanib borayotganini aytadi.

Olmoniya parlamenti deputati Viola Fon Kramon Shvetsiya hukumatini taniqli o‘zbek imomi Obidxon qori Nazarovga qarshi uyushtirilgan suiqasd harakati yuzasidan tergov o‘tkazishga chaqirgan.

Yashillar partiyasi vakili bo‘lgan Fon Kramon xonim Obidxon qoriga suiqasd uyushtirilgani haqidagi xabarni "juda xavotirli" deb atagan.

Olmon deputati avvalroq Rossiyada boshqa bir o‘zbek muxolifat faoli Fuad Rustamxo‘jayevning o‘ldirilganini eslatgan.

Fon Kramon xonim o‘zbek maxsus xizmatlarining bu hodisaga aloqadorligi isbotlansa, Ovro‘po Ittifoqi munosib javob qilishi kerakligini aytadi.

BBC Viola fon Kramon bilan bog‘lanib, siz o‘zbek maxsus xizmatlarining bu ishda qo‘li bor degan xavotirdamisiz, deya so‘radi.

Fon Kramon: Tergovlar davom etayotgan vaqtda, albatta, har xil bayonotlar qilganimizda juda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Lekin, bu yerda bir yo‘nalish ko‘zga tashlanayapti, ya‘ni bu birinchi marta o‘zbek dissidentining chet mamlakatda hujumga uchrash holi emas. Shuning uchun, qandaydir trendning kelib chiqayotgani seziladi. Ko‘plab shu kabi qotilliklar sodir etilgan, muxolifatchilar va jurnalistlar joniga suiqasdlar uyushtirilgan. Agar shved hukumati bu ishni tubdan tergov qilib chiqib, uning ortida siyosiy sabablar yotganiga ishora bersa, va o‘zbek xavfsizlik xizmatining ehtimoliy ishtiroki haqida gapirsa, bu biz uchun qattiqqo‘l chora ko‘rish vaqti yetib kelganini anglatgan bo‘ladi.

BBC: Tergov hali endi boshlang‘ich bosqichda, lekin agar mabodo suiqasd ortida o‘zbek xavfsizlik xizmatlari haqiqatdan ham turgan bo‘lib chiqsa, siz hech hayron qolmaysiz?

Fon Kramon: Yo‘q, afsuski hech hayron qolmayman. Biz Olmoniyada boshpana topgan o‘zbekistonlik qochqinlar va ularning O‘zbekistonda qolgan oilalaridan olgan ma‘lumotimizga asoslansak, ular Ovro‘poda ham, O‘zbekistonda ham juda katta bosim ostidalar. Biz O‘zbekistondagi xavfsizlik xizmati va ularning Ovro‘podagi amallari o‘rtasida bevosita aloqa bor deb bilamiz.

BBC: Agar bu kabi aloqa isbotlansa, Ovro‘po Ittifoqi yoki unga a‘zo mamlakatning javobi qanday bo‘lishi kerak?

Fon Kramon: O‘zbekistonga qarshi jazo choralarini 2007 yilda bekor qilganimiz uning uchun juda omadli yangilik bo‘lgan. Lekin, bu yerda Olmoniya uchun muhim jihat bu Termezdagi bazadir, va mana shu jihat o‘zbek muxolifatining jabr chekishiga sababchi bo‘lib kelayotir. Lekin, biz Afg‘onistonni tark etar ekanmiz, buyog‘iga o‘zbek hukumatiga bosim o‘tkazadigan boshqa mexanizmlarni o‘ylab topishimiz kerak. Agar Shvetsiya yoki boshqa mamlakatlarda o‘zbek muxolifatchilariga bo‘lgan hujumlarni hammasini jamlab, o‘zbek hukumatiga o‘zgacha ovozda murojaat qiladigan bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

BBC: Lekin bu kabi tergovlarda biron aniq xulosaga kelish juda qiyin. Siz o‘z bayonotingizda Moskvada o‘ldirib ketilgan o‘zbek muxolifatchisi Fuad Rustamxo‘jayevning ishini tilga olgansiz, biroq uning qotili hali topilmagan, aniq ma‘lumot yo‘q. Faqat shubhalar haqida gap ketadi. Obidxon qori ishida biron farq bo‘ladi deb o‘ylaysizmi?

Fon Kramon: Biron narsa deyishim qiyin, lekin afsuski, ha, bu tergovlar bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Lekin, men o‘ylashimcha, shved hukumati Rossiya hukumati bilan solishtirganda bu kabi jinoyatning tagiga yetishga ko‘proq harakat qilishadi va yaxshiroq ishlashadi. Lekin, bu yerda gap faqat jinoyat emas, balki tashqi siyosat va diplomatiya haqida ham ketmoqda, va bu uchburchak o‘ta nozik narsa. Biroq, agar hech qanday chora ko‘rilmasa, Ovro‘podagi boshqa ko‘plab o‘zbek dissidentlarining ham holi voy bo‘lishi mumkin. Ularni himoya qilish bizning vazifamiz.