NATO harbiylari o‘limida gumon qilingan Afg‘on politsiyachisi qidirilmoqda

Image caption 25 yoshli Afg‘on Ichki ishlar vazirligi xodimi qidirilmoqda.

25 fevral kuni Kobuldagi Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi binosida amerikalik ikki NATO harbiysini o‘ldirganlikda gumon qilingan politsiya xodimiga qidiruv e‘lon qilingan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, NATOning ikki yuqori lavozimli vakilini o‘ldirganlikda gumon etilayotgan shaxs vazirlik xodimi bo‘lgan.

25 yoshli vazirlik xodimining Afg‘onistonning Parvon viloyatilik Abdul Sabur ekani aytilgan.

Ichki ishlar vazirligidagi otishmadan keyin NATO Afg‘on vazirliklaridan o‘zining barcha xodimlarini chiqarib olgan.

Halok bo‘lgan NATO zobitlarining ismi-sharifi hozircha e‘lon qilinmagan, biroq ular amerikalik polkovnik va mayor unvonidagi zobitlar deb ko‘rilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, qurolli shaxs NATO zobitlariga Kobuldagi eng qattiq qo‘riqlanadigan Ichki ishlar vazirligi binosining yopiq xonalaridan birida yaqin masofadan o‘t ochgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, gumondagi shaxs bundan oldin Afg‘onistonning bir necha vazirliklarida ishlagan va Ichki ishlar vazirligida xavfsizlik tizimi va yuqori lavozimdagi mansabdorlar foydalanadigan maxfiy radiokanal uchun mas‘ul bo‘lgan.

Otishmadan keyin u vazirlikdan chiqib ketgan va g‘oyib bo‘lgan.

Gumondor shaxsning Kobuldagi yaqinlari qo‘lga olingan, u tug‘ilib o‘sgan Parvon viloyatidagi uyida tintuv o‘tkazilgan.

BBC muxbiri yozishicha, ushbu hodisadan keyin NATO xodimlarining Afg‘on vazirliklaridan chiqarib olingani o‘zaro hamkorlikka salbiy ta‘sir qiladi.

Bu, ayniqsa, mamlakatda xavfsizlikni ta‘minlash ishlarida sezilishi mumkin, chunki NATO va Afg‘on tizimlari o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, josuslik ma‘lumotlarini bo‘lashish, texnik ta‘minot ishlari to‘xtab qolishi mumkin.

Norozilik namoyishlarining oltinchi kuni

Ushbu hodisa butun Afg‘oniston bo‘ylab AQSh askarlari Qur‘onni yoqqanlari haqidagi xabarlar norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Olti kun mobaynidagi zo‘ravonliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari 30 dan ortiq inson umriga zomin bo‘lgan, ular orasida boshqa ikki AQSh askari ham bor.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay tinchlanishga chaqirganiga qaramasdan, yakshanba kuni ham Qur‘on yoqilishiga qarshi namoyishlar davom etgan.

Yakshanba kungi namoyish paytida mamlakat shimolidagi Qunduz viloyatida joylashgan NATO harbiy bazasiga granata uloqtirilgan.

NATO ushbu hodisa natijasida hech kim halok bo‘lmaganini aytgan, biroq yetti AQSh harbiysi yaralangani haqida tasdiqlanmagan xabarlar ham tarqalgan.

Qunduzdagi namoyishda yakshanba kuni kamida bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilingan.

Samangon viloyatidagi chiqishda 4000 kishi qatnashgan, namoyishchilar politsiya idorasi va AQSh bazasiga hujum qilganlar.

Samangon hokimi Xayrulloh Anuashning BBCga aytishicha, bir necha namoyishchi jarohatlangan, ulardan birining ahvoli og‘ir.

Boshqa bir rasmiy bir kishi halok bo‘lganini aytgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Kobul yaqinidagi Bagrom harbiy bazasida axlat yoqiladigan pech ichidan Qur‘on topilgan, pech ichida boshqa kitoblar ham bo‘lgan.

Barcha kitoblarning terrorchilikda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxslardan musodara qilingani xabar qilingan.

Bu kitoblar qanday kitoblar ekanini bilmagan amerikalik xodimlarning ularni yoqish uchun pechga tashlaganlari aytilgan.

Ushbu hodisa yuzasidan NATOning Afg‘onistondagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Jon Allen rasman kechirim so‘radi va ushbu hodisa yuzasidan tekshirish boshlagan.

Qur‘on yoqilgani hodisasi tufayli AQSh Prezidenti Barak Obama kechirim so‘ragan.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay nomiga yuborgan maktubida Prezident Obama yozishicha, Qur‘onga "bilmasdan hurmatsiz munosabatda bo‘lingan".