Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti Homsdan tobora ko‘p odamni olib chiqmoqchi

Image copyright ICRC
Image caption Xalqaro Qizil Xoch yanada ko‘p odamlarni xavfsiz joyga olib chiqish borasida yana muzokara olib borayotganini aytadi.

Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti Suriya hukumat kuchlari o‘tgan oydan buyon bombardimonga tutayotgan Homs shahri Baba Amr tumanidan ilk bir necha kishini xavfsiz joyga olib chiqqan va Baba Amrdan yanada ko‘proq tinch aholi vakillari, yaralanganlarni olib chiqish borasida hukumat rasmiylari va isyonchilar bilan yana muzokara o‘tkazayotganini ma‘lum qilgan.

Oxirgi to‘rt hafta mobaynida 24 fevral kuni birinchi marta Xalqaro Qizil Xochga Baba Amrga o‘tishga izn berilgan.

Suriya Arab Qizil Yarim Oy jamiyatining uch tibbiy yordam mashinasi Baba Amrdan 20 tacha bolalar va ayollarni, bir necha yaradorni olib chiqqan.

Bashar al-Assad hukumat kuchlariga qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan isyonchilar nazoratidagi tumanda hamon minglab tinch fuqarolar qolayapti, deb ko‘riladi.

Baba Amrda yaralangan va halok bo‘lgan insonlar u yerda yasalgan "qo‘lbola shifoxonalar"ga olib borilmoqda, yaralanganlarga imkon qadar tibbiy yordam ko‘rsatilayapti.

Bir necha kun oldin Baba Amrda halok bo‘lgan amerikalik jurnalist Mari Kolvin va frantsuz fotojurnalisti Remi Oshlik jasadlari ham hamon o‘sha yerda qolmoqda.

Chorshanba kungi raketa hujumi payti yaralangan ikki jurnalist - frantsiyalik Edit Buver va britaniyalik Pol Konroy, hamda yana ikki xorijlik jurnalist ham qurshovdagi tumanda qolmoqdalar.

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy urushayotgan tomonlar bilan muzokaralarda Baba Amr ichkarisida hali ham yaralangan suriyalik tichn fuqarolar ko‘pligi, yaradorlarni, xorijlik jurnalistlarni olib chiqish muhokama etilayotganini bildirgan.

Suriyalik faollarga ko‘ra, juma kuni hukumat kuchlari 100 kishini o‘ldirganlar, shulardan 30 nafari Homs shahrida.

Ayni paytda Suriya ommaviy axborot vositalari "qurollangan terrorchi guruhlar" bilan janglarda halok bo‘lgan 18 Suriya xavfsizlik kuchlari xodimining dafn marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar tarqatgan.

Suriyalik faollarga ko‘ra, shanba kuni mamlakatning qator hududlarida 28 inson halok bo‘lgan.

Tunisda o‘tgan Suriyadagi vaziyatga bag‘ishlangan anjumanda Prezident Bashar al-Assad hukumatidan zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatish, insonparvarlik yordamlarining kiritilishiga ruxsat berish, zarur oziq-ovqat, tibbiyot vositalari va boshqa narsalarni odamlarga yetkazilishiga yo‘l ochish talab qilingan.

Ro‘y berayotgan zo‘ravonliklarga qaramasdan, Prezident Assad 26 fevral yakshanba kuniga Suriya konstitutsiyasiga o‘zgartirish maqsadidagi referendumni o‘tkazishni rejalagan.

Ushbu konstitutsion o‘zgartirishlarning mamlakatda ko‘p partiyali tizimni barpo etishga yo‘l ochishini aytmoqda rasmiy Damashq.

Biroq Suriya muxolifati referendumni boyqot qilishga chaqirgan.

Prezident Bashar al-Assad boshqaruviga qarshi 11 oydan buyon davom etayotgan zo‘ravonliklar natijasida minglab insonlar halok bo‘lgan.

Yanvar oyida BMT o‘z hisobotida Suriyada 5400 inson halok bo‘lgani haqida aytgan, suriyalik faollarga ko‘ra, o‘lganlar soni hozirga kelib 7300 dan oshgan.