Qozog‘iston keraksiz tadbirlarga pul sarflamoqchi emas...

Image copyright BBC World Service

Qozog‘iston Moliya vazirligi keraksiz va chiqimdor tadbirlarga byudjet xarajatlarini qisqartirgan.

Ayon bo‘lishicha, Qozog‘iston g‘aznasi buning hisobiga qariyb 170 million AQSh dollari tejaydi.

Keraksiz tadbir va anjumanlarni qisqartirish talabi bilan prezident Nursulton Nazarboyev chiqqandi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2012 yilda bu kabi "keraksiz va chiqimdor" tadbirlardan 3 mingtasi rejalangan.

Bir kunda mamlakat bo‘ylab 10 dona tadbir soliq to‘lovchilarning hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bayramlar-chi?

Davlat rahbari qisqartirishlar va tejash haqida topshiriq bergan bo‘lsa-da, har yili million, million dollar sarf qilinuvchi davlat miqyosidagi bayramlarni esga olmagan.

Qozog‘istonliklarning o‘zlari ham turli konferentsiya va taqdimot marosimlarini bekor qilish uzoqqa cho‘zilmasligini aytishadi.

Tahlilchi Do‘sim Satpayev davlat idoralari birmuncha vaqt bu borada sukut saqlab turishlari va keyinchalik xarajatlar oldingidek sarflanaverishini aytadi.

Markaziy Osiyo davlatlarida turli serxarajat tantanalar va bayramlar davlat rahbarlari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.

Birgina Mustaqillik bayramini nishonlash uchun davlat g‘aznasidan million, million dollar pul sarflanadi va ushbu raqamlar, odatda, hatto oshkor ham qilinmaydi.

O‘zbekistonda-chi?

O‘zbekistonda ham Mustaqillik, Navro‘z kabi bayramlar yuqori tayyorgarlik va tantanalar bilan o‘tadi.

Poytaxt Toshkent shahridagi prezident ishtirokidagi tantanalarni jonli va qiziqarli o‘tishi uchun san‘atkorlar guruhi bilan birga minglab talabalar bir oy davomida tayyorgarlik ko‘rishadi.

Toshkentlik ismi sir qolishini istagan ziyoli ushbu tayyorgarlik asosan bir kishi, ya‘ni davlat rahbarining ko‘nglini olish uchun qilinishini aytadi.

"Bunday bayramlardan hech bir strukturaga foyda kelmaydi. Davlat byudjetining pullarini shunchaki sovurishdir. Bunday bayramlar hammaga ochiq bo‘lishi yoki yoki ma‘lum narx bilan chipta sotib o‘tkazilishi kerak, - deydi toshkentlik ziyoli.

Byudjet xarajatlari ochiq bo‘lmagan O‘zbekistonda hashamatli tadbirlar va konferentsiyalar tashkil qilish uchun qancha mablag‘ sarflanishini bilish mushkul ish.

Odatda, bayramlarni o‘tkazishda xarajatlar homiy tashkilotlar deb ataluvchi fermer, zavod va kichik korxonalarning zimmasiga tushishi aytiladi.

Biror bayram yaqinlashishi bilan minglab fermerlar xisob raqamidan bir qancha pulni bayram tantanalarini o‘tkazishga majburlanadi.

Elga kelgan to‘y

Image copyright Umida Akhmedova

"Elga kelgan to‘y. Bu narsa bilan tortishishning foydasi yo‘q. Pul o‘tkazmasang, har bir harakatingdan kamchilik topishadi, shusiz ham fermerlar million, million qarzga botib qolgan", - deydi jizzaxliik fermer.

O‘zbekistonda davlat organlaridan tortib, oddiy aholi vakillarigacha bayram va to‘ylarni iloji boricha dabdabali o‘tkazishga harakat qilishadi.

Prezident Islom Karimov o‘z chiqishlarida amaldorlar va boylar tomonidan to‘yu ma‘rakalarda haddan ziyod isrofgarchilik qilinayotganini tanqid ostiga ham oladi.

Ayrim mahallalarda to‘ylarning nazorat ostiga olinishi yo‘lga qo‘yilgan va ixcham o‘tkazishga qat‘iy tavsiyalar berilgan.

Shunday bo‘lsa-da, topganini to‘yga sarflaydigan o‘zbeklar hali ham ko‘plab topiladi.

"Ukamning to‘yini ixcham o‘tkazishga qaror qildik. Ota-onamizni bunga ko‘ndirgandek ham bo‘ldik. Ammo to‘y kuni yaqinlashavergan sari xarajat ustiga xarajat qo‘shildi. Kelgan mehmonlarning hammasiga mato, ko‘ylak olishga to‘g‘ri keldi. Ammo shunday bo‘lsa-da, quda chaqirish, nahor osh kabi marosimlarga xarajatlarni qisqartirtirib, faqat restoranda bazm qilishning uddasidan chiqdik", - deydi navoiylik hisobchi.

Kuzatuvchilar keraksiz xarajatlarning oldini olish uchun eng avvalo xalqning ongida o‘zgarish bo‘lishi lozimligini va ana shunda mehnat evaziga kelayotgan bir so‘mni qanday maqsadlarda sarflanayotganini so‘rovchi qatlam paydo bo‘lishini ta‘kidlashadi.