Qozog‘iston o‘z bug‘doyini Qora Dengizga olib chiqmoqchi

O‘zining oliysifat uni bilan tilga tushgan Qozog‘iston bug‘doy eksport qilish salohiyatini kuchaytirish uchun yangi davlat g‘alla shirkati barpo etmoqchi.

Qozog‘iston bug‘doy eksporti bo‘yicha jahondagi beshta yirik davlatdan biri sanaladi va har yili 20 million tonnadan ko‘proq hosil ko‘taradi.

Ammo Qozog‘istonning ummonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmasligi olgan hosilini chetga sotish masalasida jiddiy muammolar yaratgan.

Ayon bo‘lishicha, ham davlat va ham xususiy shirkatlar tomonidan moliyalanishi kutilayotgan yangi shirkat qozoq bug‘doyini bozorga olib chiqishni yengillashtiradi.

Mas‘ullarga ko‘ra, prezident Nursulton Nazarboyevning da‘vati bilan tashkil etilayotgan shirkat xalqaro bozorlarda qozoq bug‘doyi oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi, yangi elevatorlar, temiryo‘l va bandargohlarni kengaytirishga sarmoya kiritadi.

"Bizning Qora Dengizga imkoniyatimiz cheklangan. Shu bois, Osiyo bozori infratuzilmasini kuchaytirishimiz lozim. Agar shoshilmasak, keyin kech bo‘ladi", deb aytgan Qozog‘iston Qishloq Xo‘jaligi vazirligi ijroiy kotibi.

Qozog‘iston o‘z mustaqilligini e‘lon qilgan o‘tgan 20 yil ichida bug‘doy yetishtirishni ikki barobariga oshirib, o‘tgan yil 27 million tonnaga yetkazgan.

Ammo kerakli joyga bozor narxida bug‘doy yetkazolmayotgani bois, olgan hosilini birmuncha arzon bahoda janubdagi qo‘shnilari O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘onistonga sotishga majbur.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, qozoq hukumati o‘zining yangi rejasi bilan g‘allachilikni yanada kuchaytirib, yuqori daromad olish istagida.

Boshqa tomondan esa, aholini qishloqlarga qaytarib, u yerdagi hayotni jonlantirmoqchi. Ularga ko‘ra, bu - masalaning ijtimoiy tomoni.

"Qozog‘iston o‘tgan 20 yil davomida neft va gazdan katta daromad qilib, bugungi kunda katta boylikka ega bo‘ldi. Endi esa, topilgan o‘sha daromadlarning bir qismini qishloq xo‘jaligiga sarflashga qaror qilgan ekan, bu prezident Nazarboyevning saylovlar arafasida bergan va‘dalarining ijrosiga kirishganini anglatadi. Ya‘ni, qozoq xalqi o‘zining mamlakatidagi tabiiy boyliklardan tushayotgan katta daromadlardan manfaatdor bo‘lishi kerak", deydi tahlilchi Anvar Husainov.

Muammo nimada?

Dunyo ummon yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqolmaydigan Qozog‘iston bug‘doyni bozor narxida eksport qilish borasida har doim muammolarga duch keladi.

Sho‘rolar davrida qurilgan elevatorlar allaqachon xususiy qo‘llarga o‘tib ketgan va yangilanmagan. Bundan tashqari, Qozog‘istonda bug‘doy tashuvchi naqliyot ham ko‘p emas.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, buning oqibatida boshqa xorijiy shirkatlardan vagonlarni ijaraga olishga to‘g‘ri keladi.

Buning hammasi esa, bug‘doy narxining ko‘tarilishga xizmat qiladi.

Agar qozoq hukumatining yangi rejasi amalga oshsa, Qozog‘iston iqtisodiga qo‘shimcha mablag‘ keladi.

Lekin, ekspertlarga ko‘ra, shuning barobarida ichki bozordagi narxlar ham ko‘tarilishi mumkin.

Shu vaqtgacha Qozog‘iston bug‘doyining asosiy xaridorlari bu janubiy qo‘shnilari - O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Qozog‘istonning eng yaqin qo‘shnisi va sifatli qozoq bug‘doyi bu yerda har doim xaridorgir bo‘lib kelgan.

Raqobatning yo‘qligidan foydalangan ushbu davlatlar qozoq bug‘doyini deyarli ichki narxlar bilan bir xil bahoda sotib olishgan.

Ammo, o‘zbekistonlik ekspertlarga ko‘ra, Qozog‘istonda yangi davlat g‘alla shirkatining tashkil etilayotgani ikki davlat orasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari almashinuvini yaxshilashi mumkin.