Obidxon qori Nazarovning ahvoli og‘irligicha qolmoqda

Image caption O‘zbekistonlik taniqli imomning ahvoli hanuz og‘irligicha qolayotgani aytiladi

Bundan olti kun muqaddam Shvetsiya shimolidagi Stromsmund shaharchasida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilishi ortidan hanuz kasalxonada yotgan o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarovning ahvoli hanuz o‘nglanmagan.

O‘tgan payshanba kuni 54 yoshli Obidxon qori Ostershund shahridagi kasalxonadan vertolyotda Umio shahriga olib ketilgandi.

Uning ahvolidan boxabar yaqinlaridan birining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Obidxon qori Nazarov hanuz shifokorlarning uzluksiz nazorati ostida qolmoqda.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, shifokorlar tergov-qidiruv ishlari borayotgani va bemorning xavfsiligini o‘ylab, uning ahvoliga oid to‘liq ma‘lumotni jamoatchilikka oshkor etish istagida emasliklarini bildirishgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xavotir

Uning aytishicha, o‘tgan hafta yuz bergan hodisa ortidan qochqinlar jamoasi orasida xavotirga tushish hollari ham yo‘q emas.

"Yuz bergan voqeani mushohada qilib, biz ham shunga yarasha o‘zimizning xavfsizligimizni ta‘minlashga harakat qilayapmiz", deydi u.

Suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, mahalliy politsiya xodimlari ham har ikki-uch kunda ular bilan uchrashib, bu xususda o‘z maslahatlarini berib kelishmoqda.

Tergov jarayoni

Mas‘ullarga ko‘ra, Obidxon qori Nazarovga qarshi uyushtirilgan suiqasd amali yuzasidan Shvetsiya maxsus xizmatlari keng ko‘lamli tergov va qidiruv amaliyotini boshlashgan.

Biroq amaliyot tafsilotlari hanuz jamoatchilikdan sir tutilmoqda.

Suhbatdoshimizning aytishicha, xavfsizlik mulozimlari bu xususda o‘zlariga faqat umumiy ma‘lumotlar berish bilan kifoyalanishmoqda.

"Tergov ishlari kengroq, ya‘ni xalqaro miqyosda olib borilayotgani, anchagina ma‘lumot to‘plashga muvaffaq bo‘lishgani, lekin bizga bor tafsilotlarini bera olmasliklarini aytishyapti", deydi u.

Stromsmund shaharchasida Obidxon qori Nazarov bilan birga o‘ttizdan ortiq o‘zbek oilalarining yashashi aytiladi.

Suhbatdoshimiz bir necha yildan buyon o‘sha yerda istiqomat qilayotgan bo‘lishsa, mahalliy idora, maktab, bog‘cha va qo‘ni-qo‘shnilarining o‘zlariga nisbatan munosabatlari juda iliq bo‘lib kelganini ham ta‘kidlaydi.

"Ular yuz bergan hodisadan juda ham tez xabar topishgan. Hattoki, oralarida ba‘zi xonadonlarga kelib, tasalli berib, hamdardlik bildirib ketayotganlari ham bor,..", deydi u.

Suhbatdoshimiz, "Hamma joyda bo‘lgani kabi, mahalliy aholining orasida ham ishlash yoki yashash uchun chetdan kelayotganlarni yoqtirmaydigan juda oz sonli insonlar yo‘q emasligi, ularning munosabatlari o‘zlarining tushunchalariga yarasha ekani, ammo buni sezilarli darajada emas", deb bilishini ham qo‘shimcha qiladi.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Obidxon qori Nazarov 2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgandi.