Braziliya 2014: "Asosiy vazifa - guruhda birinchi o‘rinni saqlab qolish"

2014 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich bellashuvlarini davom etdirayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga safarda Osiyoning to‘rt karra chempioni yaponiyalik raqiblariga qarshi maydonga tushadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, har ikki terma jamoa keyingi bosqich saralash bellashuvlariga muddatidan oldin yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lishgan.

Shu paytga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi "S" guruhida o‘tkazgan uchrashuvlarini bir durang va to`rtta g‘alaba bilan yakunlagan.

Besh o‘yindan 13 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchilar joriy paytda, hatto, Yaponiyani ortga surib, o‘z guruhlarida yetakchilik qilib turishibdi.

O‘zbekistonlik futbolchilar hali o‘z tarixlarida biror marta ham Jahon chempionatining final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lishmagan.

Ammo o‘zbekistonlik ko‘zga ko‘ringan futbol sharhlovchilari O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu gal juda yaxshi imkoniyatga ega ekanini bashorat qilishayotgandi.

Lekin

Shu yilning 17 fevral kuni Xalqaro Futbol Uyushmasi (FIFA) Tartib-intizom qo‘mitasi tojikistonlik raqiblariga qarshi so‘nggi uchrashuvlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Futbol Uyushmasi va milliy terma jamoa besh nafar sara o‘yinchisini jazolashga qaror qildi.

Ularning orasida jamoa sardori, ikki karra "Osiyoning eng zo‘r futbolchisi" Server Jeparov ham bor.

FIFA qaroriga muvofiq, beshovlon xalqaro tashkilotga jarima to‘lash bilan birga, erta va to‘rtinchi saralash bosqich bellashuvlarining birinchi tur uchrashuvida ham maydonga tusha olishmaydi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Futbol Uyushmasining 20 fevral kuni yo‘llagan appellyatsiya maktubi ham bugun xalqaro tashkilot tomonidan rad etilgan.

O‘zbekiston Futbol Uyushmasi, "jazo choralarining haddan tashqari keskin ekanini aytib, besh nafar futbolchisining diskvalifikatsiya qilinishiga doir qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragandi".

Server Jeparovdan tashqari, ularning orasida yana Shavkatjon Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev va Vagiz Galiulinlar ham bor edi.

Rasmiy raddiyadan ayon bo‘lishicha, FIFA, "ogohlantirish, hayfsan, ikki oy muddat ichida 3 tadan kam bo‘lgan o‘yinga diskvalifikatsiya qilinganlik, tartib-intizom kodeksining 64–bandidan kelib chiqib chiqarilgan qarorlar yuzasidan yozilgan appellyatsiyalarga e‘tibor qaratmaydi".

Saralash bosqich bellashuvlarida qatnashish istagini bildirib esa, Osiyo qit‘asidan ja‘mi 43 davlat ariza topshirgandi.

Shularning orasidan Markaziy Osiyo mintaqasini hozirgi bosqichda faqat O‘zbekiston va Tojikiston milliy terma jamoalari namoyon etishmoqda.

Ular "omon qolgan" 20 milliy terma jamoa qatorida 2014 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Osiyo qit‘asiga ajratilgan 4.5 ta o‘rin uchun kurash olib borishmoqda.

Shunday ekan, Yaponiyaga qarshi so‘nggi uchrashuv oldidan o‘zbekistonlik murabbiy va futbolchilarning kayfiyatlari qanday? Men ushbu savol bilan Tokiodan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi Vadim Abramovga bog‘landim:

Vadim Abramov: Futbolchilarimizning kayfiyatlari yaxshi. Ularning o‘rinlarini bosa oladigan o‘yinchilarimiz yetarli. Marhamat, yana istagan qarorlarini qabul qilishsin, biz o‘z kuchimizga ishonamiz.

BBC: Agar so‘nggi xabarlarga qaraydigan bo‘lsak, FIFA O‘zbekiston Futbol Uyushmasining appellyatsiya maktubiga rad javobini beribdi. Xalqaro tashkilotning raddiyasiga sizning munosabatingiz?

Vadim Abramov: Shu paytga qadar FIFA bu kabi qaror qabul qilmagan. O‘ylaymanki, bizdan keyin ham hech qachon bu ishni qilmaydi. Bunga ishonchim komil. Shuning uchun ham, bu masala xususida hech bo‘lmaganda bitta murabbiyning fikrini eshitish men uchun qiziq bo‘lardi. Istagan nomdor murabbiyingizga qo‘ng‘iroq qiling-da, FIFAning qarori yuzasidan fikrini so‘rang. Shu...

BBC: U holda nima uchun aynan O‘zbekistonga nisbatan bunday yo‘l tutdi, deb o‘ylaysiz?

Vadim Abramov: Bilmayman. Biror bir farazni ilgari surolmayman. Shu bois, hozircha buni sharhlay olmayman.

BBC: Ertangi uchrashuv Siz va jamoangiz uchun nimasi bilan muhim?

Vadim Abramov: Asosiy vazifa – guruhda birinchi o‘rinni saqlab qolish va uchinchi bosqich saralash bellashuvlarini munosib yakunlash.