Qozog‘iston: "Hibslar haqli, politsiya to‘g‘ri qilgan"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qozog‘iston prezidentining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev Olma ota shahrida norozilik aktsiyasi uyushtirishda ayblab, muxolifat vakillarini hibsga olgan politsiya qonun doirasida harakat qilganini aytib chiqqan.

Yertisbayev janoblariga ko‘ra, muxolifat vakillari mahalliy hokimiyat tomonidan ajratilgan joyda namoyish o‘tkazishning o‘rniga xalqni taqiqlangan joyga chaqirgan.

"Azat" partiyasining liderlari Bo‘lat Abilov va Amirjan Qo‘sanovlar Olma ota mahkamasi tomonidan noqonuniy miting o‘tkazishda ayblanib, 15 kunlik ma‘muriy hibsga tortildi.

Muxolifat vakillari ushbu qarorga norozilik bildirib, ochlik e‘lon qilishgan. Partiya ushbu qarordan norozi ekanligini bildirmoqda.

O‘tgan hafta so‘nggida Olma ota shahrida bo‘lib o‘tgan namoyish feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tashkil qilingan "Qozog‘iston norozilari" guruhi tomonidan uyushtirilgan va mitingga muxolifat liderlari hamda tashkilotchilar qo‘yilmagandi.

Liderlarsiz kechgan mitingda ilk bor "Nazarboyev ket" degan hayqiriqlar yangragandi.

Namoyish tafsilotlari Olma otadan muxbirimiz Shodiyor Sayf videotasvirida.