Qirg‘iziston: O‘shda qirg‘iz muxolifatining yirik namoyishi bo‘lib o‘tdi

Image caption Bu 2010 yilda Bakiyev prezidentlikdan ag‘darilganidan buyon eng yirik namoyishdir

O‘sh shahar kengashiga saylovlar arafasida o‘tgan muxolifat namoyishida, qirg‘iz militsiyasiga ko‘ra, kamida 10 ming kishi ishtirok etgan.

Bu Prezident Atambayev hokimiyatga kelganidan buyon qirg‘iz muxolifatining eng yirik norozilik chiqishidir.

Namoyishda so‘zga chiqqanlardan ba‘zilari o‘tgan yil dekabrida saylangan Atambayevning iste‘fosini talab qilishgan.

Prezidentlik saylovlarida yengilgan ikki millatchi nomzod-Adaxan Madumarov hamda Qamchibek Tashiyev tashabbuskorlari bo‘lgan namoyish O‘sh shahrining ziddiyatli hokimi Melis Mirzaqmatov tomonidan dastaklangani aytiladi.

Namoyishda nutq so‘zlagan Madumarov va Tashiyev Melis Mirzaqmatovning shahar hokimi lavozimda qolishini istashlarini aytishgan.

Birlashgan muxolifat

O‘tgan yil dekabridagi prezidentlik saylovlarida millatchi nomzodlar qo‘lga kiritgan ovozlar ikkiga bo‘lingan va natijada Madumarov ikkinchi, Tashiyev esa uchinchi o‘rinlarni egallashgandi.

Tashiyevning "Ata Jurt" partiyasi Prezident Atambayevning partiyasi bilan koalitsion hukumat tuzishdan bosh tortgan, Madumarovning "Butun Qirg‘iziston" partiyasi esa parlamentga kira olmagan.

Payshanba kungi namoyishda Madumarov va Tashiyev janubdagi saylovchilarni birlashtirish maqsadida birlashganliklarini e‘lon qilishgan.

Adaxan Madumarov Prezident Atambayev hokimiyatga kelganidan buyon mamlakatda "ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashgani"ni aytgan.

15 ming kishi qatnashganini da‘vo qilgan namoyish tashkilotchilari Qirg‘iziston hukumatiga iste‘foga ketish uchun 15 martga qadar muhlat berishgan.

Ular hukumat iste‘fo bermagani taqdirda norozilik amallari boshlanishi haqida ogohlantirganlar.

4 mart kuni o‘tadigan mahalliy saylovlarda Prezident Atambayevning Sotsial-demokratik partiyasi ham shahar kengashidagi o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

O‘shning qudratli hokimi Mirzaqmatov iqtidordagi partiyani ma‘muriy zahiralardan foydalanmaslik haqida ogohlantirgan.

2010 yil iyunidagi zo‘ravonliklar chog‘ida kamida 500 kishi halok bo‘lgan.

Qurbonlar va xavfsizlik kuchlarining zo‘ravonliklardan keyingi amaliyotlarida jabr chekkanlarning aksariyati o‘zbeklar ekani aytiladi.