Afg‘onistonda Amerikaning ikki askari o‘ldirilgan

Image copyright AP
Image caption Keyingi yillarda 70 dan ortiq NATO harbiylari afg‘on hamkasblari tomonidan o‘ldirilgan

NATO mulozimlariga ko‘ra, Afg‘onistonning janubidagi bazada ikki amerikalik askar otib o‘ldirilgan.

Qandahorda yuz bergan hodisada hujumchilarning biri afg‘on armiyasi kiyimida boshqasi oddiy kundalik kiyimda bo‘lgani aytilgan.

Biroq, Heray mavze‘si rasmiylari bazaga o‘qitish uchun faqat bir kishining kelganligi va u o‘t ochganligini aytishgan.

O‘tgan haftada Qur‘on yoqilishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlangandan buyon NATO ning olti xizmatchisi o‘ldirilgan.

30 dan ortiq kishi namoyishlar paytida halok bo‘lishgan.

BBCning Kobuldagi muxbiri Bilol Sarvarga ko‘ra, qanday qilib o‘qituvchi yonida quroli bilan binoga kirgani va unga bazada qolishga ruxsat berilgani noma‘lum.

Oldinroq, NATO kuchlarining Afg‘onistondagi rahbari Jon Allen BBC muxbiriga "Amerika askarlarining Qur‘onni yoqilishi oqibatlari bartaraf qilinadi", - deb aytgan.

Janob Allen Afg‘oniston bilan munosabatlar uzilmasligini, o‘zi Kobuldagi Ichki Ishlar Vazirligiga bemalol qurolsiz kirib borishi mumkinligini aytgan. Shanba kuni u yerda ikki Amerika harbiysi otib ketilgan edi.

O‘tgan payshanba kuni ikki amerikalik askar sharqiy Nangarhar viloyatidagi norozilik namoyishi paytida afg‘on harbiy kiyimini kiygan kishi tomonidan otilgan.

Yuqori lavozimli afg‘on generalining o‘tgan haftada BBCga bergan interьvyusida " askarlarni ta‘qib qilayotgan Tolibon virusi xuddi saraton kasalligi kabi yoyilib ketdi. Buni davolashning ilojisi yo‘q. Jarrohlik amaliyoti kerak..", - deb aytgan.

Keyingi yillarda 70 dan ortiq NATO harbiylari afg‘on hamkasblari tomonidan o‘ldirilgan.