Isyonchilar Baba Amrni tashlab chiqqan

Image copyright none
Image caption Isyonchilar Baba Amrdan 4000 dan ortiq tinch fuqaroning hayotini o‘ylab chiqib ketayotganini aytgan

Suriyaning Baba Amr tumanidan isyonchilarning chiqib ketgani xabar qilingan.

Hukumat kuchlari bilan kurashayotgan isyonchilar rahbarlari jangchilar taktik jihatdan Baba Amrni tashlab chiqmaganlarini aytishgan.

Suriya ozodlik armiyasi Baba Amrdan o‘z uyini tashlab ketishni istamagan 4000 dan ortiq tinch fuqaroning hayotini o‘ylab chiqib ketishini aytgan.

Baba Amr keyingi bir oy daavomida hukumat kuchlarining qaqshatqich hujumiga nishon bo‘lgani, halok bo‘lganlar orasida tinch fuqarolar, xususan ayollar va bolalarning ko‘pligi xabar qilingan.

Suriya hukumat kuchlari Baba Amr ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish imkoniga egaligini bildirgan.

BBC muxbiri Jim Myuirning Livandan turib kuzatishicha, bunday qarorga sabab ikki tomonning Suriyaning boshqa joylarida bo‘lgani singari hal qiluvchi jangdan voz kechib, kelishuvga erishgani bo‘lishi mumkin.

Shunday bo‘lsada, bir qancha jangchilar Baba Amrda qolishgan.

Isyonchilar nomidan internetda joylashtirilgan murojaatda jangchilar tinch fuqarolarni himoya qilish uchun yetarli miqyosda qurol-yarog‘ga ega emasliklari bildirilgan.

Murojaatda Baba Amrda odamlarning ahvoli og‘irligi, Qizil Xoch tashkiloti yordamiga muhtoj ekanliklari aytilgan.

Shuningdek,hukumat kuchlari tinch aholiga zarar yetqazgan taqdirda, jiddiy o‘ch olinishi bilan ogohlantirgan.

Homsga yoqqan kuchli qor armiya kuchlari harakatini qiyinlashtirgan. Shu bilan birga aholining turmush sharoiti ham murakkablashgan.