Shvetsiyada Obidxon qori Nazarovning himoyasiga namoyishlar boshlangan

Image copyright none
Image caption Namoyishchilar o‘tgan haftada yuz bergan hodisada to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hukumatini ayblashgan

Shvetsiyaning poytaxti Stokgolmdagi parlament binosi qarshisida o‘zbek muxolifati va muhojirlari ishtirokida namoyish bo‘lib o‘tmoqda.

BBC muxbiriga ko‘ra, o‘nlab insonlar Obidxon qori Nazarovga hujum qilgan insonni topish talabini ilgari surganlar.

Namoyishchilar o‘tgan haftada yuz bergan hodisada to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hukumatini ayblashgan.

Namoyishchilarning aksariyati "Obidxon qori Nazarov o‘zbek rejimining qurboni", "Shvetsiya siyosiy muhojirlarni himoya qilishi kerak", "Shvetsiya xavfsizlik xizmati uchun bu xatomi?", "Qotil topilishi kerak", degan shiorlarni ko‘tarib olishgan.

Namoyishning kun bo‘yi davom etishi aytilgan.

Tushlikdan so‘ng yana o‘nlab namoyishchilarning qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Bundan olti kun muqaddam Shvetsiya shimolidagi Stromsmund shaharchasida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilishi ortidan hanuz kasalxonada yotgan o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarovning ahvoli hanuz o‘nglanmagan.

O‘tgan payshanba kuni 54 yoshli Obidxon qori Ostershund shahridagi kasalxonadan vertolyotda Umio shahriga olib ketilgandi.

Uning ahvolidan boxabar yaqinlaridan birining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Obidxon qori Nazarov hanuz shifokorlarning uzluksiz nazorati ostida qolmoqda.

Mas‘ullarga ko‘ra, Obidxon qori Nazarovga qarshi uyushtirilgan suiqasd amali yuzasidan Shvetsiya maxsus xizmatlari keng ko‘lamli tergov va qidiruv amaliyotini boshlashgan.

Biroq amaliyot tafsilotlari xavfsizlik nuqtai nazaridan jamoatchilikdan sir tutilmoqda.

Stromsmund shaharchasida Obidxon qori Nazarov bilan birga o‘ttizdan ortiq o‘zbek oilalarining yashashi aytiladi.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Obidxon qori Nazarov 2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgandi.