Xalqaro Qizil Xoch Homsdan yaradorlarni olib chiqadi

Image copyright BBC World Service
Image caption Xalqaro insonparvarlik yordamlari Baba Amrga yetqaza boshlangan

Qizil Xoch tashkiloti oziq-ovqat va dori-darmonlarni Suriya hukumat kuchlarining hujumidan qattiq zarar ko‘rgan Homsning Baba Amr tumaniga yetqazadi.

Qizil Xoch tashkiloti bu tumandan yaradorlarni olib chiqishni rejalashtirgan.

Keyingi bir necha hafta mobaynida Baba Amr hukumat kuchlarining qaqshatqich hujumlariga nishon bo‘lgan.

Suriya ozodlik armiyasi jangchilari Baba Amrni tashlab chiqqani "taktik chekinish" bo‘lganligi, o‘z uyini tashlab ketishga ko‘nmagan 4000 ga yaqin aholining hayotini o‘ylab qo‘yilgan qadam ekanligini bildirishgan.

Baba Amrda 100 mingga yaqin inson istiqomat qilgan.

Suriya armiyasining Baba Amrga kirishi 28 fevral, seshanba kuni boshlangan. Qattiq yoqqan qor qo‘shinlarning harakatini susaytirgan.

Tumanda elektr energiyasi uzilgan. Oziq-ovqat zahiralari deyarli tamom bo‘lgan.

Seshanba kuni Qizil Xoch tashkiloti vakili BBC muxbiriga shahardagi mahallalarda og‘ir yaradorlarning borligidan xavotir bildirgan.

Payshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi tasdiqlagan hujjatda Suriya hukumati BMT bosh kotibining insonparvarlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Valeri Amosga kirish vizasini bermaganligiga norozilik bildirilgan.

Ilgari Xalqaro Kengash rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan Rossiya va Xitoy ham quvvatlagan bu hujjat Suriyani janob Amosga imkon boricha tezroq mamlakatga kirish ruxsatini berishga chaqirgan.

Bundan tashqari BMT Suriya hukumatidan insonparvarlik tashkilotlariga jabrlanganlarga "zudlik bilan,to‘la va to‘siqsiz" yordam berish imkonini berilishini so‘ragan.

BMT hisobotiga ko‘ra, Suriyada keyingi 11 oy davomida 7500 inson halok bo‘lgan.

Suriya muxolifati vakillariga ko‘ra, 1- martning o‘zida 33 kishi o‘ldirilgan.

Ayni paytda quvg‘indagi siyosiy muxolifat, Suriya milliy kengashi hukumatga qarshi qurollangan guruhlarni bir joyga jamlaydigan harbiy byuro tuzilishi haqida gapirgan.

Yangi tashkilotning tuzilganini e‘lon qilgan Suriya milliy kengashi rahbari Burxon Xolin inqilob tinch harakat sifatida boshlanganini, lekin Milliy kengash "yangilikni paydo bo‘lishiga mas‘uliyatni" bo‘yniga olishi muhimligini aytgan.

Janob Xolinga ko‘ra, yangi byuro isyonchilarning mudofaa vazirligi sifatida ish olib boradi.

Uning tarkibiga Suriya ozodlik armiyasi va fuqarolari kirishi mumkin.

Biroq BBC muxbiriga ko‘ra, Suriya Milliy Kengashi rahbarlari yangi harbiy byuroning mas‘uliyatlari muxolifat a‘zolarining fikrlar qarama-qarshiligi bois bekor qilinganini bildirgan.