Ruslan Chagayev: "Chisorani jazolash kerak, lekin bunchalik emas"

O‘zbekistonlik dongdor bokschi, professional boksda sobiq Jahon chempioni Ruslan Chagayevning aytishicha, Jahon Boks Kengashning qilgan qilig‘i uchun Derek Chisorani noma‘lum muddatga ringdan chetlatish va o‘z tasnifida Jahon chempionligi kamari uchun bellashishdan mahrum etish qarori nihoyatda keskin:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Albatta, qilgan ishi uchun Derek Chisora jazolanishi kerak edi. Lekin uni noma‘lum muddatga emas, bir yilga diskvalifikatsiya qilish, jarimaga tortishlari mumkin edi. Chunki uning ham oilasi bor, ularni boqishi kerak, insoniylik tomondan bu anchayin keskin qaror, nazarimda", deydi Ruslan Chagayev.

Ruslan Chagayev, o‘z o‘rnida, biznes, jangning reytingini ko‘tarish kabi narsalarni to‘g‘ri tushunishi, ammo Derek Chisoraning qilgan ishi noto‘g‘ri bo‘lgani, bu - boksning obro‘sini tushiradigan ish ekanini aytadi.

Ikkovlon orasida kechgan jangga baho berarkan, Ruslanning fikricha, britaniyalik bokschi Derek Chisoraga faqat tajribasi kamligi pand bergan, Vitaliy Klichko esa, aynan katta malakaga ega bo‘lgani tufayli uni mag‘lub etgan.

Aka-uka Klichkolarning "engilmas"liklari sababiga to‘xtalarkan, o‘zbekistonlik dongdor bokschi ikkovlonning kuchini e‘tirof etgan holda, har bir bokschining o‘z "vaqti-soati" borligi, ularning o‘rinlariga ham hali yangi bokschilar kelishini urg‘ulaydi.

"Mayk Tayson va Muhammad Alilar paytida ham hamma shunday deb o‘ylagan. Mana, ularni hech kim yutolmaydi, deb. Ammo vaqti kelib, Mayks Tayson ham yutqizdi, Muhammad Ali ham yutqizdi...", deydi u.

Tarixcha o‘rnida

Jahon Boks Kengashi o‘zining so‘nggi bayonotida britaniyalik bokschi Derek Chisorani noma‘lum muddatga janglardan chetlatib, uning xulq-atvorini ham keskin tanqid qilgan.

Bunga Derek Chisoraning so‘nggi jangi ortidan uyushtirilgan matbuot anjumani chog‘ida bokschi hamyurti Devid Hey bilan yoqalashib ketishi sabab bo‘lgan.

Derek Chisora, bundan tashqari, jang arafasida ukrainalik raqibi Vitaliy Klichkoning yuziga shapaloq tortgan va jangdan oldin uning ukasi Vladimir Klichkoning yuziga suv ham sepib yuborgandi.

Jahon Boks Kengashining o‘z bayonotida bildirishicha, hali biror bir professional bokschining o‘zini bu kabi yomon tutganiga guvoh bo‘lmagan.

Kengash qilgan qilig‘i uchun Derek Chisorani o‘z saflaridan chiqarib tashlagan va o‘z tasnifida eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi kamari uchun bellashishdan ham mahrum etgan. Katta miqdorda jarimaga tortgan. G‘azabni jilovlovchi kursalarga borishni tavsiya qilgan.

Ammo kengash Derek Chisora o‘z talablarini bajaradigan bo‘lsa, uning ishi mahkama tinglovida ko‘rib chiqilib, jazolar biroz yumshatilishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.

WBC tasnifida eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi uchun 18 fevral kuni Olmoniyada bo‘lib o‘tgan jangda Vitaliy Klichko yana bir bor o‘z kamarini himoya etishga muvaffaq bo‘lgandi.

Derek Chisora yoqalashib ketgan hamyurti Devid Hey esa, o‘tgan yil Vitaliyning ukasi Vladimir Klichkoga yutqazib, eng og‘ir vazn toifasida WBA yo‘nalishida Jahon chempionligidan mahrum bo‘lgandi.

O‘sha yili Devid Hey jang olib borishdan bosh tortgani uchun ayrim xabarlarda Derek Chisora o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayevning ehtimoliy raqiblaridan biri sifatida ham tilga olingandi.