Qizil Xochning yordam ortilgan mashinalari Homs shahriga kirgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Qizil Xochning yordam ortilgan mashinalari Homs shahriga kirgan

Baba Amr uchun yordam ortilgan mashinalar karvoni Homs shahriga yetib kelgan.

"Biz Homsdamiz va Baba Amrga kirish uchun tayyorlanyapmiz", - degan Qizil Xoch Xalqaro tashkiloti matbuot kotibi Karl Haddad Reyter agentligiga.

Damashqdan yo‘lga chiqqan oziq-ovqat va kundalik zarur buyumlar ortilgan yetti yuk mashinasini Homsda ko‘ngillar va Suriya Arab Qizil Yarim oy jamiyati mashinalari kutib olishgan.

Keyingi bir necha hafta mobaynida Baba Amr hukumat kuchlarining qaqshatqich hujumlariga nishon bo‘lgan.

Suriya ozodlik armiyasi jangchilari Baba Amrni tashlab chiqqani "taktik chekinish" bo‘lganligi, o‘z uyini tashlab ketishga ko‘nmagan 4000 ga yaqin aholining hayotini o‘ylab qo‘yilgan qadam ekanligini bildirishgan.

Baba Amrda 100 mingga yaqin inson istiqomat qilgan.

Suriya armiyasining Baba Amrga kirishi 28 fevral, seshanba kuni boshlangan. Qattiq yoqqan qor qo‘shinlarning harakatini susaytirgan.

Tumanda elektr energiyasi uzilgan. Oziq-ovqat zahiralari deyarli tamom bo‘lgan.

Seshanba kuni Qizil Xoch tashkiloti vakili BBC muxbiriga shahardagi mahallalarda og‘ir yaradorlarning borligidan xavotir bildirgan

Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi sammitida so‘zga chiqqan janob Kemeron "Suriyadagi vaziyat ayanchli, Homsdagi odamlar kerakli yordamni olishlari zarur. Qancha vaqt o‘tishidan qat‘iy nazar shunday kun keladi, o‘z xalqiga qarshi kurashgan bu qo‘rqinchli tuzum qilgan jinoyatlariga javob beradi", - deb aytgan.

Ovro‘po Ittifoqi prezidenti Xerman Van Rompeyaga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari Suriyada sodir etilgan shafqatsizliklardan dahshatga tushganlar.

Ovro‘po Ittifoqi a‘zolarining rahbarlari qabul qilgan hujjatda "Suriyadagi zo‘ravonliklarga mas‘ul bo‘lganlar o‘z harakatlari uchun javob berishlari kerak"ligi aytilgan.

Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozi mamlakatning Damashqdagi elchixonasini yopishga qaror qilinganini bildirgan.