Faollar O‘zbekistonning BMTga a‘zo bo‘lganini o‘ziga xos "nishonlashdi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Faollar O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha BMT oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmayapti, deyishadi

O‘zbekiston Birlashgan millatlar Tashkilotining a‘zosi etib qabul qilinganiga 20 yil to‘lgan.

Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston 1992 yilning 2 martida BMT a‘zosi bo‘lgandi.

O‘zbek matbuoti O‘zbekistonning jahon hamjamiyatining to‘laqonli a‘zosiga aylangani haqidagi maqolalarni e‘lon qilgan, shu munosabat bilan Toshkentda turli tadbirlar uyushtirilgan.

O‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari ham ushbu sanani o‘ziga xos tarzda nishonlashga qaror qilganlar, ayrim faollar O‘zbekiston prezidentining qarorgohi tomon yurish qilib, mamlakat BMT oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmayotganini izhor etmoqchi bo‘lganlar.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari alyansi a‘zosi Yelena Urlayeva va O‘zbekistondagi 2007 yildagi prezidentlik saylovida mustaqil nomzod sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaqiyatsiz harakat qilgan Abdulla Tojiboy o‘g‘li poytaxt Toshkentda "prezident trassasi" deganda ko‘pchilik yaxshi biladigan yo‘lga chiqqanlar.

Ikki faolni O‘zbekiston prezidentining Do‘rmon qarorgohiga bir necha yuz metr qolganda militsiya xodimlari to‘xtatishgan, ularning qo‘llaridagi mobil telefonlarini tortib olishga uringanlar.

"O‘zbekistondagi na militsiya, na prokuratura, na sudga murojaat qilishdan natija yo‘q. Shuning uchun biz fuqarolarning huquq va erkinliklarining kafolati bo‘lgan O‘zbekiston prezidentining e‘tiborini inson huquqlarining poymol etilayotgani bilan bog‘liq muammolarga jalb etishga qaror qildik", deb aytdi Abdulla Tojiboy o‘g‘li.

Ikki kun ilgari Abdulla Tojiboy o‘g‘li o‘z konstitutsion huquqlarini talab qilib chiqqani uchun Toshkent militsiyasining ochiq havodagi it saqlanadigan katagida bir necha soat turishga majbur bo‘lganini aytadi.

Abdulla Tojiboy o‘g‘lining Toshkentdagi xonadoni gazi va elektr quvvati 2011 yil avgustida qarzorlik vaji bilan uzib tashlangan va shu vaqtgacha ham ulanmagan.

Bu boradagi shikoyatlaridan naf bo‘lmagan faol Toshkent shahar hokimligi qarshisida norozilik amaliyoti uyushtiradi, u o‘zining plakatlarini yoyishi bilan militsiya xodimlari tomonidan hibsga olinib ketiladi.

Toshkentning Mirobod tuman Ichki ishlar bo‘limi hovlisida kechki soat 6 lardan soat 23 largacha kuchuk saqlanadigan katakka qamab, katak yoniga 2 qurolli militsioner qo‘riqchi qo‘yiladi.

Tungi soat 11 dagi mahkama inson huquqlari himoyachisini 4 million so‘mlik jarimaga tortgan.

O‘zbekiston prezidentining qarorgohi tomon yurish qilayotgan paytlarida Abdulla Tojiboy o‘g‘li telefonda BBCga quyidagilarni aytib berdi.