"Qur‘on'ga o‘t qo‘yganlar oshkora mahkamaga tortilsin"

Image caption Afg‘onistonda "Qur‘oni Karim"ga o‘t qo‘yilishi bir necha kunlik zo‘ravon namoyishlarga sabab bo‘lgandi

Afg‘oniston Oliy diniy kengashining aytishicha, "Qur‘oni Karim"ni yoqish jinoyatga teng amaldir.

Kengashga ko‘ra, ushbu hodisaga mas‘ul shaxslar oshkora mahkamaga tortilib, jazolanishi kerak.

Uning bayon qilishicha, birgina uzr so‘rashning o‘zi kifoya qilmaydi.

Afg‘onistondagi Amerika nazorati ostida bo‘lgan "Bagrom" bazasida "Qur‘oni Karim"ning yoqilishi yaqinda butun mamlakat bo‘ylab bir necha kunlik zo‘ravon namoyishlarga sabab bo‘lgandi.

Buning oqibatida o‘ttizdan ortiq kishi qurbon bo‘lgan va o‘nlab kishilarga tan jarohati yetgandi.

Bularning barchasi ortidan AQSh Prezidenti Barak Obama va Afg‘onistondagi Nato ittifoqi vakillari rasman kechirim so‘rashgandi.

"Qur‘oni Karim" nusxalariga o‘t qo‘yilishi yuzasidan Afg‘oniston va Amerika tomoni qo‘shma tekshiruv ishlarini ham boshlab yuborgandi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, tergov jarayoni hanuz davom etmoqda.

Ammo, ayon bo‘lishicha, hatto, kim aybdor ekani aniqlangan taqdirda ham, uni qanday jazolash borasida yakuniy so‘zni faqat Nato harbiy qo‘mondonlari berishadi.

Kobulda bo‘lgan muxbirimizga ko‘ra, agar afg‘onlar javobgar shaxslarga berilgan jazodan qoniqish hosil qilishmasa, yana ko‘plab namoyishlar yuz berishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Afg‘onistondagi Nato qo‘mondoni general Jon Allen bu kabi hollarning qaytib yuz bermasligiga va‘da bergan.

O‘z o‘rnida, lozim deb topgan taqdirlarida, aybdorlarga nisbatan faqat intizomiy choralar ko‘rilishini bildirgandi.

"Qur‘oni Karim"ga nisbatan munosabatdan g‘azabga kelgan afg‘onlar mas‘ul shaxslarning faqat Afg‘oniston tuprog‘ida mahkamaga tortilishlarini talab etishgandi.

Ammo Nato ittifoqiga ko‘ra, har qanday qonuniy chora Afg‘oniston emas, balki AQSh qonunlari ostida ko‘riladi.

So‘nggi paytlarda asosan Afg‘oniston shimolida faol ekani aytilgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham "Qur‘oni Karim"ga o‘t qo‘yilishi hodisasini qoralab chiqqan.

Afg‘onistondagi Tolibon harakati "Qur‘on"ning yoqilishiga javoban uyushtirganini aytgan qator xudkushlik hujumlarida esa, bir qancha amerikalik askarlar qurbon bo‘lishgandi.