BBC navigation

"Ayollar va erkaklar birga o‘qimasin, birga ishlamasin,.."

Сўнгги янгиланиш 5 март 2012 - 16:11 GMT

Afg‘oniston Ulamolar Oliy kengashi xotin-qizlarning yolg‘iz yurishlari, maktab, universitet va ish joylarida erkaklar bilan yonma-yon bo‘lishlarini taqiqlovchi, hijobda yurishlari va erlarining qo‘shxotinlilik huquqlarini himoya etishni talab etuvchi bayonot qabul qilgan.

Kengash bayonotida, yana shuningdek, AQSh harbiylari nazorati ostidagi bazada "Qur‘oni Karim"ga o‘t qo‘yilishi va Nato ittifoqiga qarashli qamoqxonalar xususida ham so‘z boradi.

Ammo, kuzatuvchilarga ko‘ra, bayonotning xotin-qizlar xususidagi qismi o‘ta ehtiyotkorlik bilan yozilgan.

Shu bois ham, undagi talablarni nozik jins vakilalari bajarishlari shart bo‘ladimi yoki yo‘q, aniq xulosa chiqarish qiyin, deyishadi ular.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, mamlakat Ulamolar Oliy kengashining so‘nggi bayonoti umumiy ma‘noda afg‘on hukumati tomonidan xush qarshilangan.

Bu nima degani?

Afg‘oniston Ulamolar Oliy kengashining yangi bayonoti Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralari olib borish harakatlari kuchaygan bir manzarada kuzatilmoqda.

Mamlakat xotin-qizlari esa, bu sa‘y-harakatlar ortida o‘z huquqlarining toptalishi ehtimolidan jiddiy xavotir izhor etib kelishadi.

Afg‘onistondagi fuqaroviy jamiyat vakillari ham ulamolar kengashining bayonotini keskin tanqid qilib chiqishgan.

Ularga ko‘ra, bayonotdan maqsad afg‘on xotin-qizlariga bosim o‘tkazishdir.

Faollarning ta‘kidlashlaricha, ishlash joylarida xotin-qizlarning erkaklar bilan muloqotda bo‘lmasliklarining o‘zi imkonsiz.

Asl muammo nimada?

Kengashning bayonotiga baho berarkan, mahalliy inson huquqlari faoli Soyra Shikibning ta‘kidlashicha, asl muammo "Ulamolarning Islom dinini oddiy xalqqa ilmiy jihatdan tushuntira olmasliklari bilan bog‘liq".

"Shu sababdan ham, din suiiste‘foda etiladi, turli muammolar o‘rtaga chiqadi, odamlarga turli qiyinchiliklar yaratiladi", deydi Shikib xonim.

Ulamolar Oliy kengashining bayonotini xush qarshilagan Afg‘oniston hukumati esa, xotin-qizlar xususidagi bandlariga rasman biror bir munosabat bildirmagan.

Afg‘oniston konstitutsiyasida erkaklar va ayollarning tenghuquqliklari ko‘zda tutilgan.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, Tolibon tuzumi qulashidan 10 yildan ortiqroq vaqt o‘tib, Afg‘oniston xalqi ham ortiq xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonliklarga toqat qilmaydi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.