Toshkentdagi operaning o‘tmishi va buguni

G‘arblik tomoshabin uchun Toshkentda opera qo‘yilishi aql bovar qilmas tomosha.

Biroq Dehlida kriket musobaqasi g‘aroyib tuyulmaganidek opera ham Toshkent uchun tabiiy narsa. Britanlar borib o‘rnashgan joylarida poyga maskanlari, kriket maydonlari barpo etganlar. Shunga o‘xshab Sovet rejimi ham opera va balet teatrlarini qurgan, natijada Ittifoqdagi "qoloq" xalqlar nafaqal ma‘rifatli, balki kulturniy ham bo‘lganlar. Bokuda, Olma Ota, Toshkent, Dushanbe va Ashxoboddagi opera uylari keng dalalar o‘rtasidagi to‘g‘on yoki irrigatsiya loyihalari singari Sovet Taraqqiyotining nishonasiga aylangan. Bu shaharlarda rusiyzabon aholi soni ortib borishi bilan mamlakat markazidan uzoqlik hissi ham kamaygan. Ayni paytda opera yangi paydo bo‘lgan Sovet o‘rta sinfi uchun ko‘ngilxushlik vazifasini ham o‘tay boshlagan. Bu o‘rta sinf faqat bir millat vakillaridan tarkib topmagandi, ular ruslashgan O‘zbeklar, Tojiklar, Qozoqlar va Markaziy Osiyoning barcha yirik shaharlariga kelib o‘rnashgan Tatarlar, Armanilar va Koreyslardan iborat edi.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi Alisher Navoiy teatri Markaziy Osiyodagi eng yirik opera uyidir. 1989 yilgacha bu maskan Sho‘rolar Ittifoqining Ovro‘po qismidan tashqaridagi eng iste‘dodli sozandalar, qo‘shiqchilar va raqqosalar jamlangan jamoa ham edi. Bino 1966 yilgi Toshkent zilzilasiga chidab bergan binolardan biri bo‘lgan. Alisher Navoiy teatri binosi 1934 yilda loyihalashtirilgan, uni qurishga 1940 yilda kirishilgan. Biroq urush boshlanib qolib qurilish to‘xtab qolgan. 1947 yilga kelibgina yaponiyalik urush mahbuslari qurilishni nihoyasiga yetkazganlar. Teatr tashqarisida yapon mahbuslari xotirasiga esdalik o‘rnatilgan. Teatr binosi loyihasini Aleksey Shusev chizgan, bu yangi O‘zbek "milliy" me‘morchiligi uslubiga asos solinishi ham edi, bunda ichki islomiy bezaklar oddiy ovro‘pocha teatr tashqi ko‘rinishi bilan uyg‘unlashgan. 1958 yilda Toshkentga borgan britaniyalik diplomat va siyosatchi Fittsroy Maklin shunday yozgandi: "opera uyi tashqi ko‘rinishining qayerlaridir Londondagi "Regent street"ning klassik uslubiga o‘xshab ketadi. Biroq unga diqqat bilan nazar solsangiz, unda sharqona motivlarni ko‘rasiz. Kimdan so‘rasangiz ham bu Turkiston milliy me‘morchiligining namunasi ekanini aytadi". Binodagi ganchdan o‘yib ishlangan naqshlar va ichki oyna bezaklari Usta Toshpo‘lat Arslonqulov va Usta Shirin Murodovlarning oxirgi ishlaridan bo‘lgan. Buxoro amirining "Setorai Mohi Xosa" yozgi saroyi me‘mori ham Usta Shirin bo‘lib, bu bino Oktyabr inqilobigacha barpo etilgan. Opera uyiga kirishdagi foyyeda XV asrda yashab o‘tgan shoir, O‘zbekistonda rasman ulu-lanadigan siymo Alisher Navoiyning katta marmar haykali savlat to‘kib turibdi. Qiziq, Alisher Navoiy ijodidan qaysi asarlar teatr repertuariga kirgan? Alisher Navoiy teatri repertuarining asosiy qismini Ovro‘po adiblarining asarlari tashkil qiladi. Garchi bir necha sharqona asarlar, jumladan "Ali Bobo va qirq qaroqchi", "Ming bir kecha" singari operalar va qator o‘zbek operalari ham bu sahnada ijro etilgan. Dastlabki o‘zbek operasi G‘ulom Zafariyning "Halima"si 1920 yil yaratilgan bo‘lsa, oxirgisi Alisher Ikromovning "Buyuk Temur" asari 1996 yilning mevasi hisoblanadi. Hammasidan ham ko‘ra Sulaymon Yudakovning "Maysaraning ishi" satirik operasi katta shuhrat qozongan. Diniy ulamolar masxara qilingan bu opera 1950 yillarda yaratilgan. Barcha sobiq sovet opera teatrlari singari Alisher Navoiyda ham har kech boshqa asar sahnaga qo‘yiladi.

Men bu yerda ilk bor tomosha qilgan asar mening sevimli operam Chaykovskiyning "Pikovaya dama"si bo‘lgan. Sokin musiqadan baland avjlarga ko‘tarilib boradigan sadolar dirijyorning bir qo‘l harakati to‘xtaydi - torli musiqa asboblari uni shu zahotiyoq o‘chadi - opera katta muvaffaqiyat bilan ijro etilgandi. Lekin muammolar mavjudligi ham ko‘zga tashlangan. Herman o‘zining "chto nasha jiznь" xayrlashuv ariyasini aytayotib, stuldan ag‘darilib tushadi. Ajoyib bariton ovoz sohibi Tomskiy uning to‘ladan kelgan gavdasini ko‘tarib ololmaydi. Uning kostyumi juda ham ko‘zga tashlanuvchi qip-qizil harbiy libos bo‘lib, yupqa kolgotkasi tagidan ichki kiyimi aniq ko‘rinib turardi.

Bugunga kelib teatr dekoratsiyalari va kostyumlar juda eskirib qolgan. Bir marta "Figaroning uylanishi"da Graf Dalmavivaning yog‘och quroli zinapoyaning matoli bog‘ichiga o‘ralib qoldi va graf pastga qulay boshladi, tez harakat qilmasa, oqibati qanday bo‘lishini tez tasavvur qilgan grafinya uni qutqarib qoldi.

Alisher Navoiy teatrida operalar ikki tilda kuylanadi. "Trubadur" va "Madam Batterflyay" operalaridagi xor ijro etadigan qismlari rus tilida, yakkaxonlar aytadigan joylari esa italyan tilida kuylanadi. Bunaqa chatishmaning kulgini qistaydigan sahnasini "Traviata"da ko‘rganman. Nimadir bo‘ldiyu, men operaga kechikib qoldim. Biroq men Violettaning yarim qarichlik soxta kipriklarini juda-juda ko‘rgim kelgandi. Ichkariga kirib borganimda Violetta o‘z ariyasini men kutganimdek rus tilida kuylab yakuniga yetib qolgan edi. Keyingi sahnada kriket kostyumini kiyib olgan Alfredo italyancha juda mahoratli kuyladi. Uning otasi Jermont ham italyan tilida qo‘shiq ijro etdi. Operaning keyingi qismi rus tilida kuylandi.

Buni ko‘rib boshida men rejissyor Alfredo bilan Violetta kuylayotgan so‘zlari farqini urg‘ulash maqsadida ularni boshqa-boshqa tillarda kuylatishga qaror qilipti, deb o‘yladim. Keyin pochtalьon o‘ziga tegishli qismni juda chiroyli italyan tilida kuyladi. Qahramonlar orasidagi o‘zaro dushmanlik shu qadar kuchlimi, savol berdim o‘zimga o‘zim. Tomoshabinning bu tomoshadan olayotgan taassurotini ta‘riflash qiyin bo‘lsa kerak. Violetta bilan Jermont bir-biriga qarshi borar, ikkisi mutlaqo boshqa-boshqa tillarda kuylashardi. Violetta bilan Alfredoning ishqiy duetida hoynahoy biri ikkinchisining nima deyayotganini umuman tushunmasdi. Mana yaqqol esda qoladigan sahna:

"Ya lyublyu tebya"

"Si! Io t’amo"

"Proshchay!"

"Adio"

Orada xor ham qo‘shiladi, solistning italyancha ijrosi rus tilidagi xor bilan davom etadi. Hatto asar syujetini bilmagan mahalliy tomoshabinlar ham buning g‘alati ekanini his qilishardi. Orqamda o‘tirgan tomoshabinning piq etib kulganini eshitaman. Alfredo do‘stlarini "Amici" deya qutlaganida, orqamda kimdir "druzya" deb luqma tashlaydi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Sharl Gunoning "Faust"ini tomosha qilish uchun borganimda qo‘shiqchilardan birini ko‘rib qoldim va o‘zimni tanishtirdim. U operalarning bunday g‘aroyib ijrosi sababini tushuntirib berdi. Ayrim aktyor va aktrisalar rus tilida tahsil olganlar va librettolarni original italyan tilida o‘rganganlar, ayrim mahalliy qo‘shiqchilar esa operalarni faqat rus tilida o‘rganishgan, dedi u. Ayrim qo‘shiqchilar italyan tilida kuylay olishadi, lekin bunday holatda uning xor bilan muammosi kelib chiqadi. Chunki xor ijrochilari butun librettoni italyan tilida qayta yodlab chiqishni o‘zlariga og‘ir bilishadi. "Biz oxirgi yillarda italyan tilidagi barcha asarlarni italyan tilida kuylatishga harakat qilayapmiz. Biz hatto "Bogema"ni ijro etish uchun italyan rejissyorini ham taklif etdik. Asar to‘laligicha italyan tilida ijro etildi, xor ham italyancha kuyladi. Biroq o‘shandan keyin ular yangisini sahnalashtirishga ko‘nishmayapti", dedi Navoiy teatri qo‘shiqchisi.

Oxirgi yillarda har gal Toshkentga borganimda sahnalashtirilayotgan asarlar saviyasi va darajasi tobora pasayib borayotganining guvohi bo‘layapman. Buning sabablaridan biri aksar qo‘shiqchilarning Qozog‘istonga ketib qolishgani bilan bog‘liq. Teatr haqiqiy yirik operalar bo‘lgan "Shahzoda Igor" va "Boris Godunov"ni umuman sahnalashtirmaydigan bo‘lgan. Maoshlar juda oz, ba‘zan bosh rollardan birini o‘ynayotgan kishi kelmay qolgani uchun eng so‘nggi daqiqada "Traviata"ni "Payatsi" yoki "Iolanta"ga almashtirishga to‘g‘ri kelib qolgan hollar bo‘lgan. Jamoadagi teatrga eng sodiqlari deb aksari rus va yoshlari 60 dan oshib qolgan qo‘shiqchilarni aytish mumkin. Mabodo rol o‘ynamayotgan bo‘lishsa, bu qo‘shiqchilar tomoshabinlarning orqasidagi o‘rindiqlarga o‘tirib olishadi va saviya qanchalar tushib ketayotgani haqida hamma eshitadigan qilib suhbatlasha ham boshlaydilar. Bu paytda opera ham o‘ynalayotgan bo‘ladi. Lekin shuncha mushkulliklarga qaramasdan, Toshkentda operaga ishtiyoq hamon saqlanib qolmoqda. Bu yerda men ba‘zan Londondagi Kovent Garden yoki Nyu-Yorkdagi Metropolitan Operasi darajasidagi yuksak musiqiy ijrolardan zavqlanaman. Bugun opera teatri qo‘shiqchilarining yangi avlodi Toshkent Konservatoriyasida tahsil olmoqdalar. Umid qilamizki, ular bugungacha yashab kelayotgan an‘anani davom etishga qodir bo‘ladilar, operalarni faqat rus tilida ham opera yozilgan original tilda kuylay oladilar.

Aleksandr Morrison Liverpul Universitetida Rossiya, Hindiston va Markaziy Osiyo tarixidan dars beradi. U "1868-1910 yillarda Samarqanddagi rus boshqaruvi. Britaniya Hindistoni bilan qiyos"(Russian Rule in Samarkand 1868-1910. A Comparison with British India) (Oxford, 2008) kitobi muallifi. Ayni paytda u Rossiyaning Markaziy Osyoni ishg‘ol qilishi tarixiga bag‘ishlangan asar ustida ishlamoqda.