Saylovlar: Melis Mirzakmatov partiyasi oldinda bormoqda

Qirg‘iziston janubidan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, O‘sh shahar kengashiga saylovlarda amaldagi hokim Melis Mirzakmatovni qo‘llagan "Uluttar Birimdigi" partiyasi eng ko‘p, ya‘ni ellik foizcha ovozlarni qo‘lga kiritgan.

"Taza shayloo" birlashmasining bayon qilishicha, "Saylov shoxobchalaridan tashqaridagi vaziyat va ba‘zi qonunbuzarliklarga qaramasdan, saylov natijalari ovoz beruvchilarning irodasini aks etdiradi".

O‘sh shahar Saylov komissiyasi raisi Saodat Mamataliyevaga ko‘ra, shahar kengashiga saylovlarda 96 mingdan ortiq kishi, ya‘ni ovoz beruvchilarning qariyb 78 foizi ishtirok etgan.

Komissiya ma‘lumotlariga ko‘ra, hukumatparast Sotsial-demokratik partiyasi 24 foizga yaqin, "Respublika" partiyasi esa, 17 foizdan ko‘proq ovozlarni qo‘lga kiritishgan.

"Adilettuu Kyrgyzstan" partiyasiga esa, ovozlarning 5 foizi nasib etgan, xolos.

Hatto, besh foiz ham ovoz ololmagan qator partiyalar orasida mamlakat parlamentidagi boshqaruvchi birlashma a‘zosi bo‘lgan "Ata-Meken" ham bor.

Foizlar nima degani?

Saodat Mamataliyeva xonimning aytishicha, Mahalliy kengashlarga saylovlar haqidagi qonunda foiz tushunchasi umuman yo‘q.

Unga ko‘ra, har bir partiyadan bo‘lgan deputatlar ulushini aniqlash uchun berilgan barcha ovozlar umumiylashtirilib, mahalliy kengashning 45 a‘zosi soniga bo‘linadi va shu usul bilan har bir mandatga to‘g‘ri keluvchi ovozlar miqdori aniqlanadi.

Shahar Saylov komissiyasi raisiga ko‘ra, ayrim saylov shoxobchalarida kuzatilgan jiddiy qonunbuzarliklar sabab, u yerdagi ovoz berish natijalari qabul qilinmaydi.

Va bundan kelib chiqib, har bir partiya vakillari shahar kengashida egallaydigan o‘rinlar soni ham o‘zgarishi shart bo‘ladi.

Rasman bildirilishicha, yakuniy saylov natijalari kelasi 10 kun ichida e‘lon qilinadi.

Qolgan saylovlar

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Qirg‘izistonning boshqa hududlarida bo‘lib o‘tgan mahalliy kengashlarga saylovlar chog‘ida ham jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilgan.

Ayrim mintaqalarda, hatto, to‘qnashuvlar yuz berganiga oid ham xabarlar bor.

Jumladan, mamlakatning shimoliy Issiq-Ko‘l viloyati markazi Karakol shahrida bu kabi holat kuzatilgan.

Ovoz berishlar yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar bois, shaharda norozilik namoyishlari boshlanib ketgan.

Qonunbuzarliklar

Saylovlarni kuzatgan ayrim nodavlat tashkilotlariga ko‘ra, qator saylov shoxobchalaridagi qallobliklar u yerdagi ovoz berish natijalarini shubha ostiga oladi.

"Fuqarolar korruptsiyaga qarshi" inson huquqlarini himoya etish markaziga ko‘ra, O‘sh shahar kengashiga saylovlar chog‘ida Oloy tumani fuqarolaridan iborat 10-15 nafar guruh mashinalarda olib kelingan.

Boshqa bir saylov uchastkasida esa, saylov komissiyasi a‘zosi ovoz berish uchun kelgan fuqaroning hujjatini tekshirmoqchi bo‘lgan kuzatuvchini kaltaklay boshlagan.

"Kilim shami" nodavlat tashkiloti raisi Aziza Abdirasulovaga ko‘ra, ovoz berish varaqalari yetishmay qolgani bois, O‘shdagi saylov uchastkalaridan birining qarshisida ikki yuztacha saylovchilar yig‘ilib ketgan.

"Bu esa, byulletenlarning to‘plam, to‘plam qilib saylov qutisiga tashlanganiga dalolat qiladi", deydi u.

Inson huquqlari faolining aytishicha, O‘shdagi ko‘plab mahallalar aholisi saylovlar chog‘ida uylarini qulflab, shaharni tark etishgan.