Suriya inqirozi: Xalqaro Qizil Xoch Baba Amrga kiritilmagan

Image copyright Reuters
Image caption Homsda ommaviy hibsga olishlar boshlagani xabar qilingan

Qizil Xoch tashkilotining yordam ortilgan mashinalari Suriya hukumatining ruxsat berganiga qaramasdan, Baba Amrga qo‘yilmagan. Qizil Xoch mashinalari tunni Homsda o‘tqazishgan.

BBC muxbiri Jim Myuirga ko‘ra, insonparvarlik yordamlarining nima uchun to‘xtatilganini dastlab izohlamagan Suriya hukumati shanba kuni Qizil Xoch xodimlariga Baba Amrda ko‘p sonli minalar topilgani, ularni zararsizlantirish muhimligini bildirgan.

Xalqaro Qizil Xoch Tashkilotining prezidenti Yakob Kellenberger "Odamlar yordamga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda ularga yordam yetqazishga yo‘l qo‘ymaslik aqlga sig‘maydi", - deb aytgan.

Suriya muxolifatiga ko‘ra, Qizil Xoch mashinalar karvonining to‘xtatib turilgani hukumat Homsda sodir qilgan ommaviy qotilliklarining izini yo‘qotishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Oxirgi haftada Baba Amr hukumat kuchlari tomonidan tinimsiz artilleriya hujumiga tutilgan edi.

"Suriya Ozodlik armiyasi" jangchilari Baba Amrni tashlab chiqqani "taktik chekinish" bo‘lganligi, bu o‘z uylarini tashlab ketishga ko‘nmagan 4000 ga yaqin aholining hayotini o‘ylab qo‘yilgan qadam ekanligini bildirishgan.

BMT ning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi xabar qilishicha, juma kuni Homsda 17 kishining o‘ldirilgani aytilgan.

Homsdagi portlashlarda yaralangan frantsuz jurnalistlari Livandan Parijga jo‘natilgani xabar qilingan.

Shuningdek, Homsning Baba Amr tumanida halok bo‘lgan ikki jurnalist jasadlari diplomatlarga topshirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, amerikalik jurnalist Meri Kolvin va frantsuz fotosuratchisi Remi Ochlik jasadlarini Damashqdagi Al-Assad universiteti shifoxonasidan diplomatlar olib ketishgan.

Ayni paytda hukumat kuchlarining Baba Amrdan isyonchilarni hibsga olayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

BBCning muxbiri Jim Myuirning Livandan turib xabar berishicha, 11 yoshdan katta o‘g‘il bolalarni ommaviy hibsga olishlar boshlangan.

Yana bir xabarda aytilishicha, Baba Amrdagi yo‘lda jasadlarni yuk mashinasiga ortilayotganiga guvoh bo‘lingan.

Baba Amrdan ko‘plab oilalar qochib o‘tgan qo‘shni tumanlarda ham portlashlar va otishmalar bo‘lgani xabar qilingan.

Shanba kuni Homsning boshqa joylarida ham otishma ovozlari eshitilgan.

Ayni paytda Suriya hukumat televideniyesi ko‘rsatgan lavhalarda Baba Amrda joylashib olgan "qurollangan terrorist guruhlar"ning mamlakat barqarorligiga katta zarar yetkazgani aytilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra Baba Amrdagi ahvol qo‘rqinchli. Oziq-ovqat va suv zahiralari deyarli tugagan.

Oldinroq Ovro‘po Ittifoqining Bryusseldagi sammitida gapirgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron "Suriyadagi vaziyat ayanchli, Homsdagi odamlar kerakli yordamni olishlari zarur. Qancha vaqt o‘tishidan qat‘iy nazar shunday kun keladi, o‘z xalqiga qarshi kurashgan bu qo‘rqinchli tuzum qilgan jinoyatlari uchun javob beradi", - deb aytgan.

Ovro‘po Ittifoqi Prezidenti Herman Van Rompeyga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari Suriyada sodir etilgan shafqatsizliklardan dahshatga tushganlar.

Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari qabul qilgan hujjatda "Suriyadagi zo‘ravonliklarga mas‘ul bo‘lganlar o‘z harakatlari uchun javob berishlari kerak"ligi aytilgan.

BMT bosh kotibi Suriya hukumati o‘z xalqiga nisbatan aniq va keng miqyosli jinoyatlarni amalga oshirayoganini aytgan.

BMT hisobotiga ko‘ra, Suriyada keyingi 11 oy davomida 7500 inson halok bo‘lgan.