"Tojikiston rahbariyatini tanqid etgan" web sahifalar yopiqligicha qolmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Tojikistonlik mas‘ullar qator web sahifalarga imkoniyatning yo‘qligiga texnik omillar sabab bo‘lganini aytishmoqda

Tojikistonda juma kuni kirish imkoniyati to‘sib qo‘yilgan facebook.com, tjknews.com, mahalla.com va zvezda.ru web sahifalari hanuz ochilmagan.

U yerdagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, mas‘ullar avvaliga nega bunday qilingani sababini izohlashmagan.

"Ammo bugun Tojikiston Kommunikatsiya agentligi rahbari bunga texnik omillar sabab bo‘lganini aytdiyu, tafsilotlariga to‘xtalmadi. Unga ko‘ra, joriy paytda ushbu muammo o‘rganilmoqda va tez orada web sahifalarga imkoniyat yana ochiladi", deydi muxbirimiz.

Uning aytishicha, agentlik rahbari shu so‘zlari ortidan, "Tojikiston rahbariyati sha‘nini yerga uruvchi, bo‘hton qilish bilan shug‘ullanuvchi" qator web sahifalarni tanqid qilgan.

Muxbirimizga ko‘ra, mulozim yana aynan qanday maqolalarni ko‘zda tutayotganini ochiqlamagan, lekin ularga qonun doirasida javob berishga chaqirgan.

Kuzatuvchilar nima deydi?

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha esa, bunga Rossiyaning zvezda.ru web sahifasida chop etilgan maqola sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolada Tojikiston rahbariyati o‘tkazgan maxfiy yig‘in tafsilotlari o‘rin olgani aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, yig‘in chog‘ida "Tojikiston Islom Uyg‘onish" partiyasi ta‘sirining kuchayib borayotgani, buning oldini olish yo‘llari, partiya rahbarlari va a‘zolari ortidan nazorat o‘rnatish, qator masjidlarni yopish, ularning o‘rniga choyxona yoki partiya idoralarini ochish kabi qator masalalar muhokama etilgan.

Muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, facebook.com ijtimoiy muloqot tarmog‘i o‘sha maqoladan iqtiboslar olib chop etgan.

Tahlilchilarning taxmin etishlaricha, xuddi shu sabablar tufayli ham, ushbu web sahifalarga imkoniyat to‘sib qo‘yilgan.

Munosabat

Tojikistondan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, web sahifalar rahbariyati hozircha bunga rasman biror bir munosabat bildirishmagan.

Muxbirimiz Iskandar Firuz bunga facebook.com dan foydalanuvchilar sonining nisbatan anchayin kam ekani sabab bo‘lsa kerak, deydi.

"Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, bu raqamlar ellik mingga yaqin. Butun dunyoda esa, facebook.com mijozlari soni 800 milliondan ortadi", deydi u.

Ammo muxbirimiz so‘nggi yillarda facebook.com Tojikistonda jadallik bilan ommalashib borayotgani, uning sahifalarida mulozimlarning faoliyatini oshkora, ayrim hollarda keskin tanqid qiluvchi guruhlar paydo bo‘lganini ham ta‘kidlaydi.

Uning aytishicha, web sahifaga imkoniyati ochiq bo‘lib turgan qolgan ikkita internet provayder ham bugun ertalab bundan mahrum bo‘lishgan.

Tojikistondan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, yopib qo‘yilgan web sahifalarning qachon ochilishi ma‘lum emas.

Foydalanuvchilar nima deydi?

So‘nggi yillarda Tojikistonda mahalliy aholi orasida boshqa ijtimoiy muloqot tarmoqlaridan foydalanish kuchaygani bois, ular so‘nggi yangilik yuzasidan o‘z tashvishlarini ana shu sahifalar orqali bildirishmoqda ekan.

Bundan tashqari, qo‘yilgan to‘siqlarni ochishga izn beruvchi maxsus saytlar ham anchadan buyon keng reklama qilinmoqda, deyishadi muxbirlarimiz.

Ularga ko‘ra, shu sababli ham, kunning yarmiga qolmay, ko‘plab internet foydalanuvchilari bu kabi saytlar orqali to‘sib qo‘yilgan web sahifalarga imkoniyatlarini tiklab olishgan.

Tojikistonda hukumatning faoliyatini tanqid qiluvchi web sahifalarga to‘siq qo‘yilishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Muxbirlarimizga ko‘ra, Tojikiston sharqida bir guruh jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlar kechgan 2010 yilda ham qator Rossiya web sahifalariga imkoniyat cheklab qo‘yilgan.

O‘sha paytda ham ushbu web sahifalarda mamlakat qurolli kuchlarining xatti-harakatlarini tanqid qiluvchi ko‘plab maqolalar chop etilgan bo‘lgan.

Mas‘ullar esa, o‘shanda ham bunga turli texnik omillar sabab bo‘lganini aytishgandi, deyishadi muxbirlarimiz.