Qozog‘iston: Mashinalarning tabiiy gazda yurgani yaxshi emasmi?

Qozog‘iston parlamenti deputatlari avtomobillarni arzon va ekologik tozaroq bo‘lgan yonilg‘i - tabiiy gaz bilan yurishini istashmoqda.

Deputatlar ushbu taklifni ko‘rib chiqish va moliyaviy tomondan yordam berishni so‘rab, hukumatga murojaat qilishgan.

Qo‘shni O‘zbekistonda esa, bu borada ishlar birmuncha avval yo‘lga qo‘yilgan va bugunga kelib yengil mashinalar qolib, avtobus va traktorlar ham gaz bilan yurishni afzal ko‘rayotgani aytiladi.

Qozog‘iston parlamenti deputati Aleksandr Milyutin Neft va gaz vaziriga transportlar uchun gaz ishlatish pallasi kelganini aytdi.

Milyutin janoblari tabiiy gazdan yonilg‘i o‘rnida foydalanish ham arzon va ham sog‘liq uchun zararsiz ekanligini bildirdi.

Deputat gazdan avtomobillarda foydalanish uchun eski texnikalarni yangisiga almashtirish lozim bo‘lishi va buning uchun mablag‘ kerakligi, ushbu xarajatlarni vazirlik o‘z zimmasiga olishi lozimligini ta‘kidladi.

O‘zbekistonda-chi?

Qo‘shni O‘zbekistonda yengil mashinalardan tortib, avtobus va yuk mashinalarigacha gaz bilan yurishga allaqachon o‘ta boshlagan.

Buning uchun hukumat tomonidan texnologiyalarni sotib olish uchun maxsus mablag‘ ajratilmadi, balki banklar tadbirkorlarga kredit berish orqali ushbu muammoni yechishdi va buning ortidan foyda ham ko‘rishmoqda.

Vodiylik ismi o‘zgartirilgan tadbirkor O‘rmonboy aka ayni kunlarda metan to‘ldirish shoxobchasini ochish uchun harakat qilib yuribdi.

Xorijdan maxsus texnika olib kelish uchun bankdan 700 ming dollar atrofida kredit olgan.

"Gaz zapravka quraman desangiz, bankning o‘zi ham qiziqadi, chunki bankdagilar gaz zapravkasida foyda katta ekanligini biladi", - deydi tadbirkor.

Gaz to‘ldirish shoxobchasini ochish uchun ishni mos keladigan yerni olishdan boshlash kerak.

Farg‘ona vodiysida bunday yerni olishdan avval hokimiyat aytgan tashkilot hisob raqamiga 150 million so‘mni homiylik yordami sifatida o‘tkazishingiz shart.

"Vodiy tomonda zapravka qurishdan oldin hokimiyatga borib ariza berasiz. Arizani berganingizdan keyin 150 million so‘m homiylik qilasiz. Viloyatni rivojlantirishga shuncha pul o‘tkazamiz, keyin hujjatlarni tayyorlaymiz, loyihani 15 million so‘mga tayyorlab berishadi. Gaz bosimi normal bo‘lsa, 250 ming dollarga xorijdan uskuna olasiz", deydi O‘rmonboy aka.

Gazni bosim bilan beruvchi uskunaning qiymati gaz bosimiga ham bog‘liq. Agar gaz shoxobchasi oldidan yirik gaz quvurlari o‘tgan bo‘lsa, arzonroq, aks holda esa, kuchli va qimmat uskuna sotib olishga to‘g‘ri keladi. Agar siz qurmoqchi bo‘layotgan maskandan hech qanday gaz quvuri o‘tmagan bo‘lsa, gaz tortib kelish kerak.

O‘rmonboy akaga gaz to‘ldirish shoxobchasini qurish umumiy qiymatda 1 million dollarga tushmoqda.

Xaridorlarning ko‘p bo‘lishi ortidan bir yilning ichida ushbu xarajatni chiqarib olishni ko‘zlamoqda.

Gaz narxi

Davlatdan 1 metr kub gaz 100 so‘mdan sotib olinib, 550 so‘mdan sotiladi. Soliq va boshqa xarajatlardan tashqari, daromadning 40 foizi sof foyda holida qoladi.

Gaz ballonini avtomobilga o‘rnatish uchun esa, ayni damlarda 2 million 200 ming so‘m yoki davlat kursida 1200 dollar kerak bo‘ladi.

Mutaxassislar gazning arzonligidan ushbu xarajat 5-6 oyning ichida o‘zini qoplashini aytishmoqda.

Har bir yirik shaharda ochilgan bunday korxonalar sizning ulovingizga 3 soatning ichida istagan gaz balloningizni o‘rnatib, hujjatlarini qo‘lingizga tutqazadi.

Bunday ballonlar texnik jihatdan Ovro‘pa standartlariga mos kelishi ta‘kidlanadi.

Arzon yoqilg‘i

Jizzaxlik ismi o‘zgartirilgan Alisher gaz bilan harakatlanish 3 barobar arzon tushishini aytadi.

"Toshkentga Jizzaxdan borib kelish uchun 30 litr benzin kerak bo‘ladi. 1 litr benzin 1.580 so‘m. Gaz bilan yurmoqchi bo‘lsangiz 12 ming so‘mga to‘ldirib olasiz va qo‘shimchasiga yana besh ming so‘mlik to‘ldirasiz-da, borib kelasiz. Ammo muttasil metanda yurmaslik kerak, ertalab mashinanini qizdirayotganda benzinga qo‘shib olish zarur. Motorning ko‘p ishlashiga sabab bo‘ladi", - deydi jizzaxlik Alisher.

Mashinalarda benzindan gaz tizimiga olish juda ham qulay qilib ishlangan.

Mashina yurib ketayotgan yoki turgan joyida bir tugmachani bosish orqali yonilg‘i turini o‘zgartirish mumkin.

Bugunga kelib benzinning qimmatligi va atrof-muhitga zarari ko‘pligi bois, O‘zbekistonda barcha turdagi ulovlarning gaz bilan yurishga o‘tib ketayotgani aytiladi.

Boy odamlar, hattoki, qimmat mashina hisoblanmish Epica va Captivalarni ham gazga o‘zgartirib olayotgani aytilsa, KAMAZ va traktor kabi yirik ulovlar dizelni iqtisod qilish maqsadida qo‘shimchasiga gaz ballon ham o‘rnatib olayotgani ma‘lum.

Toshkent va Samarqand viloyatlari orasiga esa, 100 foiz metan bilan yuruvchi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

2016 yilga kelib, O‘zbekistondagi har bir 3 avtomobildan bittasi tabiiy gazni yonilg‘i sifatida ishlatishi kutilmoqda.