Turkmaniston prezidentining yana bir kitobi dunyo yuzini ko‘rdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Turkmaniston prezidenti qator ilmiy asarlar muallifi sanaladi

Turkmanistonda prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning dorivor giyohlarga bag‘ishlangan ilmiy ishlarining uchinchi jildi keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Uchta alohida kitob holidagi to‘plam turkman, rus va ingliz tillarida nashr etilgan.

Turkman rahbarining ilmiy ishlari "Turkmanistonning dorivor giyohlari" nomi ostida chop etib kelinmoqda.

Yangi kitobning taqdimot marosimi Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va Tibbiyot sanoati vazirligida bo‘lib o‘tgan.

So‘zga chiqqanlar yangi nashrning qanchalik ulkan ahamiyatga ega ekanini urg‘ulashgan.

Prezident Berdimuhammedovning o‘zi esa, Turkmaniston Fanlar akademiyasining akademigi, tibbiyot fanlari doktori va professor sanaladi.

U 90-yillar oxirlarida Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ham ishlagan.

Ilmiy ish

Ayon bo‘lishicha, yangi jildda Turkmanistonda o‘suvchi dorivor giyohlar alifbo tartibida tizib chiqilgan va har biri haqida batafsil ma‘lumot berilgan.

Ulardan ilmiy yo‘lda va xalq tabobatida foydalanish yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, har bir dorivor giyohning surati ham keltirilgan.

Prezident Berdimuhammedov o‘zining ilmiy ishini 2009 yilda yozishni boshlagan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, uning birinchi jildi qator xorijiy tillarga tarjima ham qilingan.

O‘tgan uch yil davomida mahalliy dorishunoslar va mutaxassislarning ish stollaridan joy egallagan.

Dastlabki ikki jildda yana dorivor giyohlarni yig‘ish taqvimi, ulardan dori tayyorlash usullari va turkman tibbiyoti erishgan yutuqlar haqida ham so‘z borgan.

Prezident-yozuvchi

Turkmanistonning amaldagi prezidenti yana qator asarlar muallifi hisoblanadi.

Janob Berdimuhammedovning, bundan tashqari, "Turkmanistonda sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanishining ilmiy asoslari", "Turkmaniston - sog‘lom va yuksak axloqli insonlar mamlakati", "Axaltekin otlari - bizning shon va sharafimiz" va "Taraqqiyotning yangi cho‘qqilari sari" degan kitoblari ham nashrdan chiqqan.

O‘tgan yil oxirlarida esa, turkman rahbarining "Odamdan yaxshi nom qoladi", degan ilk romani dunyo yuzini ko‘rgandi.

Prezident o‘z romanini o‘qituvchi bobosi Berdimuhammad Annayevga bag‘ishlagandi.

Gurbanguli Berdimuhammedov o‘tgan oy bo‘lib o‘tgan saylovlarda ikkinchi bor Turkmaniston prezidenti etib saylangandi.

U marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning kutilmagan o‘limi ortidan 2007 yilda ilk bor qudratga kelgandi.