Fransa Prezidenti: "Mamlakatda muhojirlar haddan tashqari ko‘p"

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zining ham otasi muhojir bo‘lgan prezident Sarkozi muhojirlar sonini qisqartirishga va‘da berdi.

Fransa prezidenti Nikolya Sarkoziga ko‘ra, mamlakatda muhojirlar soni haddan tashqari ko‘p va ularni jamiyatga integratsiyalash tizimi tobora yomon ishlayapti.

Prezidentlik saylovlaridan oldin o‘tkazilgan televizion bahs mobaynida gapirgan janob Sarkozi qayta saylangan taqdirda mamlakatga kirib kelayotgan muhojirlar sonini yarmiga qisqartishga va‘da berdi.

Fransa Prezidentining aytishicha, muhojirlar mamlakat uchun foydali omil bo‘lsa ham, muhojirlarning kelishi qattiq nazorat ostida bo‘lishi kerak.

O‘zining ham otasi mojaristonlik muhojirlardan bo‘lgan janob Sarkoziga ko‘ra, mamlakatda 10 yildan ortiq yashab kelgan muhojirlar uchun ijtimoiy to‘lovlarni ham qisqartirish tarafdoridir.

Umuman prezident Sarkozi irq va muhojirlik masalalari bo‘yicha ziddiyatli chiqishlari bilan ma‘lum.

Prezidentlik davrida janob Sarkozi allaqachon muhojirot sohasida qat‘iy choralarni kiritdi. Masalan, u kiritgan yangi choralarga muvofiq mamlakatdan Ruminiyalik lo‘lilar chiqarib yuborildi.

Seshanba kuni esa Bosh vazir ham diniy yo‘lda mol so‘yishning vaqti o‘tganligini aytib, mamlakatdagi musulmon va yahudiy jamolari g‘azabini qo‘zg‘adi.

Lekin shu vaqtgacha prezidentlik saylovlari oldidan o‘tkazilayotgan kampaniyaning saylovchilarga ta‘siri katta emasligi aytilmoqda.

Yaqinda e‘lon qilingan omma fikrini o‘rganish so‘rovlari natijalariga ko‘ra, 22 aprel kuniga rejalangan saylovlardan oldin Sotsialistlar partiyasi rahbari Fransua Holland prezident Sarkozidan sal oldinda ketmoqda.