Obama: Suriyada Amerika harbiy aralashuvi xato bo‘ladi

Image copyright none

AQSh Prezidenti Suriyadagi vaziyatni "o‘ta og‘riqli", deya ta‘rifladi. Ammo harbiy aralashuv xato bo‘lishini bildirdi.

Janob Obamaga ko‘ra, Bashar al-Assad boshqa diktatorlar kabi qulaydi, lekin AQSh bunga erishish uchun Suriyani ixotalash yo‘lini tutadi.

2012 yil boshlanganidan beri birinchi matbuot anjumanida janob Barak Obama har qanday urushning qiymatnini yoddan chiqarmaslik kerakligini urg‘uladi.

Unga ko‘ra, Liviyani Suriya bilan taqqoslab bo‘lmaydi, chunki Suriyadagi vaziyat anchayin murakkab.

"Har bir mojaroni qo‘shinlarni yuborish bilan hal etish o‘tmishda hamisha ham haq yo‘l bo‘lmagan va hozirda ham bo‘lmaydi", - dedi AQSh Prezidenti.

Dushanba kuni 2008 yilgi prezidentlik saylovlarida janob Obamaga respublikachilar partiyasidan raqib bo‘lgan senator Jon Makkeyn Suriya hukumat qo‘shinlariga qarshi harbiy amaliyotlar boshlashga da‘vat qilgandi.

Xalqaro hamjamiyatning Suriyadagi vaziyat yuzasidan mavqei yagona emas.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, mamlakatda zo‘ravonliklar boshlanganidan o‘tgan 12 oy mobaynida 7 yarim ming kishi halok bo‘lgan.

Suriyadagi vaziyat

Suriya bo‘ylab seshanba kuni yana qurolli to‘qnashuvlar davom etgan.

Faollarning aytishlaricha, kun davomida Suriya hukumat kuchlari yana 35 kishini o‘ldirganlar.

Image copyright AP
Image caption Suriya hukumat kuchlari hujumlari tufayli ayol va bolalar uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lmoqdalar.

Homs shahrida ikki oilaning 13 a‘zosi doxil 23 kishi o‘ldirilgan. Xabar berilishicha, ularni Xavfsizlik Kuchlari askarlari va hukumatparast jangarilar pichoqlab o‘ldirishgan.

Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining bildirishicha, Suriya Qizil Xochi vakillariga shaharning Baba Amr mavzesiga kirishga hanuz ruxsat berilmagan.

BMT Qochqinlar Agentligi ma‘lumotlariga ko‘ra Homs va uning atrofida yashovchi 1 yarim mingga yaqin ayol va bolalar chegara osha Livanga qochib o‘tganlar.

BMT Insonparvarlik Yordam Agentligi rahbari Valeri Amosning chorshanba kuni Damashqqa yetib kelishi rejalangan.

AQSh BMT Xavfsizlik Kengashiga Suriyadagi vaziyat yuzasidan yangi reozolyutsiyani taqdim qilmoqchi.

Seshanba kuni Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a‘zosi va Arab mamldakatlari nomidan Marokash vakili BMT qarorgohida Suriyadagi vaziyat borasida muzokaralar o‘tkazdilar.

Xavfsizlik Kengashida muhokamaga qo‘yilgan ikki avvalgi rezolyutsiyaga Rossiya va Xitoy veto qo‘ygandilar.

Rossiya yakshanba kungi saylovlarda Vladimir Putin prezident etib saylanganidan so‘ng Suriyaga nisbatan mavqei o‘zgarmganligini ma‘lum qilgan.