O‘zbekistonni qaysi qo‘poruvchi missionerlardan asrash kerak?

Image caption O‘zbek militsiyasi har qanday diniy faoliyatni qattiq nazorat ostiga olgan

"Toshkent haqiqati" ro‘znomasida "qo‘poruvchi missionerlarning faoliyatiga chek qo‘yish"ga chaqirilgan maqola chop etilgan.

"O‘zbekistonda missionerlar faoliyatiga yo‘l qo‘yish diniy nizolar boshlanishiga ruxsat berilishini anglatadi", deyiladi maqolada.

Maqolada mamlakat ichkarisidagi missionerlikka befarq bo‘lmaslikka chaqiriladi, ayniqsa, ota-onalarning o‘z farzandlarining missionerlar ta‘siriga tushib qolishlaridan ehtiyot bo‘lishlari lozimligi ogohlantiriladi.

O‘zbekistonda 1990 yillar boshlarida islomiy da‘vatchilar, turli nasroniy missionerlar, krishnaitlar faoliyati kuchaygan, biroq xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, bugungi kundagi O‘zbekistondagi diniy erkinliklar cheklovi missionerlikni ham yo‘qqa chiqargan.

O‘zbekistonda turli missionerlar faoliyatini nazoratga olish harakatlari 1990 yillar o‘rtalaridan boshlangan.

O‘z diniy e‘tiqodini targ‘ib qilish, prozelitizm amallariga qarshi qonunchilik kuchaytirilgan.

2000 yillar o‘rtalaridan O‘zbekistonda terrorizmni moliyalash oldini olish vaji bilan tushuntirilgan sa‘y-harakatlar xalqaro nohukumat tashkilotlari qatori missionerlik maqsadini ko‘zlagan harakatlarni ham qiyinlashtirgan.

"Men ham oxirgi yillarda O‘zbekistonda missionerlik borligini bilmayman. Oldin bor edi, bundan 5-6 yil oldin. Mening oldimga amerikalik hamma diniy tashkilotlarga yordam beradigan missionerlik tashkiloti vakili kelib turardi. Keyinchalik uning O‘zbekistonga kirishini taqiqlab qo‘yishdi", deydi norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.

Sur‘at Ikromovning aytishicha, mamlakatda missionerlik faoliyatini yuritish bugun imkonsiz bo‘lib qolgan.

"Chunki qaysi mamlakatdan kelishidan qat‘i nazar, Milliy Xavfsizlik xizmati xorijliklarni kuzatadi. Namozxon, masjidga qatnaydigan musulmonning ham qayerga borib, qayerdan qaytgani chegarachilardan tortib boshqa organlargacha, ularning doim kuzatuvida", deydi inson haqlari faoli.

Ana shunday qattiq nazorat sharoitida missionerlikning qo‘poruvchilik faoliyatidan ogohlantiruvchi maqolalardan qanday maqsad ko‘zlangan bo‘lishi mumkin?

"Bu davlatning missionerlik faoliyatidan xavotiri borligini ko‘rsatadi. Va mana shunday maqolalar orqali davlat organlari diniy ekstremizm oldini olish, terrorizm kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadlarini ko‘zlayotgan bo‘lishlari mumkin", deydi Sur‘at Ikromov.