Suriya: Neft vazirining muovini muxolifatga qo‘shildi

Image copyright BBC World Service
Image caption 58 yoshli Abdu Hussamiddin "adolatsizlikni tan olmagan xalq" tomonida bo‘lishini aytgan

Suriya Neft vazirining muovini aksil-hukumat g‘alayoniga qo‘shilish maqsadida iste‘fo berayotganini aytgan.

Abdu Hussamiddin o‘z qarorini YouTube portaliga qo‘yilgan video payg‘omida e‘lon qilgan.

U Prezident Bashar al-Assad hukumatini tark etayotgan eng yuqori hukumat mulozimidir.

Avvalroq Homs shahriga safar qilgan insonparvarlik yordamlari bo‘yicha BMT muvofiqlashtiruvchisi Suriya hukumati kuchlarining hujumi natijasida shaharning ba‘zi hududlari "yakson" bo‘lganini aytgan.

Valeri Amosning aytishicha, shaharning bombalangan Baba Amr mintaqasi to‘liq berkitilgan joyga o‘xshaydi.

O‘tgan hafta Suriya hukumati qaqshatqich bombalashlar ortidan Baba amr mintaqasi ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritgan edi.

Faollarga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari Baba Amrga kirgach, qirg‘in o‘tkazgan.

Rasmiy Damashq esa ko‘plab odamlar o‘limi uchun isyonchilarni ayblagan.

58 yoshli Abdu Hussamiddin o‘z videosini YouTube portaliga chorshanba kuni qo‘ygan.

To‘rt minutlik video murojaatda Suriya hukumatida 33 yil davomida turli vazifalarni bajarganini aytgan.

"Men, Abdu Hussamiddin, Suriya neft va mineral boyliklari vaziri, rejimni tark etayotganim, o‘z vazifamdan iste‘fo berayotganim va Baas partiyasi saflaridan chiqayotganimni e‘lon qilaman", - deb aytgan Abdu Hussamiddin. - "Men rejimning adolatsizligi va shafqatsiz amaliyotlariga qarshi turgan xalq inqilobiga qo‘shilayapman".

"Men mamlakatga egalikni da‘vo qilayotgan rejimga shunday demoqchiman: sen begunoh insonlarni bosib o‘tgan tank izlaridan boshqa hech nima emassan", - deya ilova qilgan 2009 yil avgustidan buyon vazir muovini vazifasini bajarib kelgan janob Hussamiddin.

Suriyada zo‘ravonliklar chorshanba kuni ham davom etgan.

Muxolifatga ko‘ra, Homsda 39 nafar, Idlibda 6 nafar, Deraada 3 nafar hamda Damashq va Aleppo tashqarisida bittadan inson o‘ldirilgan.

BMTning aytishicha, o‘tgan yili boshlangan zo‘ravonliklardan buyon kamida 7,500 nafar inson halok bo‘lgan.