O‘zbek mulozimlari nima uchun daromadlari haqida hisobot bermaydilar?

Image copyright none

Qirg‘iziston Davlat Kadrlar Xizmati mamlakat rahbarlarining 2011 yildagi daromadlari haqida ma‘lumotlarni chop etdi.

Bu ma‘lumolarga ko‘ra, prezident Almazbek Atambayev o‘tgan yili 26 yarim ming dollar daromad ko‘rgan, uning yaqinlari esa birgalikda bundan uch barobar ko‘proq.

Janob Atambayevning uyi 100 ming dollarlik ekan, bundan tashqari 3 million dollarga teng yer maydoni, 2 millionga teng ko‘chmas mulki ham bor.Va nihoyat narxi 17 ming va 5 minglik ikkita mashina sohibi.

Lekin mamlakatning eng boy kishisi sifatida ko‘rib kelingan bosh vazir O‘murbek Babanov e‘lon qilgan deklaratsiyasiga ishonilsa, hech qanday ko‘chmas mulkka ega emas va o‘tgan yili ko‘rgan daromadi, atigi 19 ming dollar. Lekin yaqinlari bundan 15 barobar ko‘proq pul topishgan.

Qirg‘izistonda davlat rahbarlarining o‘z daromadlarini e‘lon qilishlari mutassil bo‘lmasa ham, anchadan beri kuzatiladigan hodisa. Boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida ham doimiy bo‘lmasa ham uchrab turadi, lekin nima uchun O‘zbekistonda bu holat hech qachon ro‘y bermagan?

BBC bilan suhbatda iqtisodiy sharhlovchi Alisher Taksanovning aytishicha, mamlakat Prezidenti bu amalga rioya qilmaganligi uchun boshqa mulozimlar ham shunday yo‘l tutadilar.

Alisher Taksanov: O‘zbekiston Prezidentning maoshi qancha, qo‘shimcha daromadi bormi, masalan o‘z kitoblarining savdosidan tushgan ulushi qancha - hech kim bilmaydi. Bir narsa faqat ma‘lum, qonun bo‘yicha unga Toshkent viloyatidagi, narxi bir necha 10 millionga teng ko‘chmas mulk hayoti mobaynida tegishlidir. Xullas, mamlakat rahbari o‘z daromadlarini e‘lon qilmas ekan, boshqa davlat rahbarlari va amaldorlar ham daromadlarini oshkor qilish kerak, deb hisoblamaydilar. Mana davlat maqomlarida xizmat qilayotgan Prezidentning qizlarini oling, ular ham o‘z daromadlarini oshkor qilishlari kerak. Lekin ular ko‘proq tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanadilar. Davlat xizmatchisi bo‘lgan shaxs tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanmasligi kerak. Hokimlar, vazirlar ham o‘z daromadlarini oshkor qilmaydilar, chunki, u qadar katta bo‘lmagan maosh bilan qanday qilib ulkan mulklarga ega bo‘lganlari haqida savollar kelib chiqadi. Boshqa tomondan amaldorlar saylanmagani uchun, ularni saylamagan xalq oldida hisobot berish kerak emasdek his qiladilar.

BBC: Rahbar va amaldorlar o‘z daromadlarini oshkor qilishlari shart, dedingiz, qaysi qonunga muvofiq bu shart va nima uchun bunday qilish muhim?

Alisher Taksanov: O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z daromadini qayd qilishi shart. Bu korruptsiyaga qarshi kurash uchun juda muhim. Chunki oyiga 300 dollarga yaqin maosh oladigan amaldorda bir necha millionlik koshona qayerdan keldi, degan asosli savol tug‘ilishi kerak. Har bir shaxs buni izohlab bera olishi kerak, agarda meros qolgan bo‘lsa, buni isbotlay olsin.

BBC: Umuman O‘zbekistonda amaldorlarning o‘rtacha oylik maoshi qancha, bu haqda biron ma‘lumotlar bormi?

Alisher Taksanov: Bu borada ishlab chiqilgan tarif setkalari bor. Amaldorning maqomi, ish staji, ba‘zilarda harbiy maqomlari nazarda tutilgan holda maosh belgilandi. Shular asosida oyiga o‘rtacha 300-400 amerika dollariga teng maosh belgilangan.

BBC: O‘zbekistonda amaldorlar eng boy kishilar sifatida ko‘riladi, sizning aytishingiz bo‘yicha ularning maoshlari u qadar yuqori emas, ular qay yo‘llar bilan daromad qiladilar?

Alisher Taksanov: Gap shundaki, O‘zbekiston singari nodemokratik davlatda amaldorlar mamlakat resurslari ustidan nazoratga egalar va taqsimoti bilan ular shug‘ullanadilar. Masalan byudjetdan moliyalarni taqsimlash, soliq imtiyozlarni belgilash, turli qurilish loyihalari uchun tenderlarni ulashish va mamlakat ehtiyoji uchun turli mollarni xarid qilish - bularning hammasini amaldorlar ko‘pda o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshiradilar. Buni nazorat qiladigan tizim yo‘q va mutlaqo korruptsiyaga ko‘milgan.

BBC: Yuqori lavozimli amaldorlarning yaqinlari ko‘pda turli bizneslarga ega ekanliklari nazarga tashlanadi, ya‘ni asosiy daromad amaldorning o‘zidan emas, yaqinlari tomonidan keladi, deya taqdim etiladi. Bu ko‘rinishga haqida qanday fikrdasiz?

Alisher Taksanov: Mana yaqinda Buxoro sobiq hokimi bilan bo‘lgan voqeani oling. Uning o‘zi go‘yoki top-toza halol edi, lekin benzin biznesiga ega o‘g‘lida tabiiyki resurslardan foydalanish imkoni bor edi. Huddi shu mavqeda bo‘lgan oddiy insonda bu kabi imkoniyat yo‘q. Bu raqobatsiz tijoriy kurash ko‘rinishidir. Yana Prezidentning qizlarini oling, diplomatik vazifaga ega bo‘lishi bilan birga, imtiyozli asosda tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanyapti.

BBC: Lekin ikkala sohada ham ishini bajarashga qodir bo‘layotgan bo‘lsa, buning noqonunuiy yeri bormi?

Alisher Taksanov: Gap shundaki, bu mutlaqo noqonunuiy. Rasmiy va diplomatik maqomdagi shaxs kuniga 8 soat ishda bo‘lishi kerak. Agar ish soati vaqtida boshqa faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, demak bu davlat resurslarini zoye ketkazish bilan barobar. Yana bir muammo - O‘zbekistonda davlat xizmatchilari haqida qonun yo‘qligi. Ko‘plab mamlakatlarda davlat xizmatchisining tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqqi yo‘qligi borasida qonunlar qabul qilingan.