O‘zbekiston Islomiy Harakatining ikki lideri qo‘lga olindi

Image copyright BBC World Service

Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh shimoliy mintaqasida O‘zbekiston Islomiy Harakatining xudkushlik hujumlariga mas‘ul ikki rahbari hibsga olingan.

Bu haqda Afg‘onistonda joylashgan NATO boshchiligidagi Xalqaro Xavfsizlikni Saqlash kuchlari ma‘lum qilishgan.

Ularning rasmiy bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston Islomiy Harakatining ikki rahbari afg‘on kuchlari bilan hamkorlikda Badaxshon viloyatining Fayzobod tumanida olib borilgan qo‘shma harbiy amaliyot chog‘ida qo‘lga olinganlar.

Hibsga olinganlardan biri afg‘on hukumatining Badaxshon va Qunduz viloyatlaridagi yuqori martabali mulozimlariga qarshi uyushtirilayotgan xudkushlik hujumlariga mas‘ul bo‘lgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, qo‘mondon amaliyot chog‘ida yaralangan va unga tibbiy xizmat ham ko‘rsatilgan.

Ikkinchisining esa, xudkushlik hujumlarini uyushtirishda ko‘mak beruvchi bomba yasaydigan mutaxassis ekani aytiladi.

Xalqaro Xavfsizlikni Saqlash kuchlarining bildirishicha, xudkushlik kamari, portlovchi moddalar bilan birga yana bir shubhali isyonchini ham qo‘lga tushirishgan.

Ularning bayonotida O‘zbekiston Islomiy Harakatining hibsga olingan liderlari qay bir davlat fuqarosi ekanliklari aytilmaydi.

Shu yilning 29 yanvar kuni esa, Afg‘onistonning shimoliy Taxor viloyatida O‘zbekiston Islomiy Harakatining Ilhom ismi bilan ma‘lum lideri o‘ldirilgandi.

Badaxshon

O‘tgan yaqin yillar ichida Afg‘onistonning shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyati O‘zbekiston Islomiy Harakati va Tolibon boshpana topgan hududlardan biriga aylangan.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yilning avgust oyidan buyon Amerika harbiylari viloyatdagi O‘zbekiston Islomiy Harakati kuchlariga qarshi ikkita reyd o‘tkazishgan.

O‘tgan yil sentyabr oyida Badaxshon viloyatining Kismim tumanida uyushtirilgan maxsus amaliyot chog‘ida harakatning Afg‘oniston shimolidagi eng yuqori martabali qo‘mondoni nishonga olingan.

Harbiy amaliyot chog‘i yigirmadan ortiq jangari o‘ldirilgan va o‘nga yaqini qo‘lga olingan.

Ularning orasida harakatning Mulla Abdulloh va Mulla Shir Muhammad ismli ikki nufuzli qo‘mondoni bo‘lgani ham aytilgandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati

Tohir Yo‘ldoshning o‘limidan bir yil o‘tib, 2010 yilning sentyabr oyida uning kuyovi Usmon Odil O‘zbekiston Islomiy Harakatining rahbari etib tayinlangan.

Guruhning faoliyatini yaqindan kuzatib kelayotgan ekspertlarga ko‘ra, ularning bugungi faoliyatlariga oid yangi va yuz foiz ishonchli ma‘lumot yo‘q.

Ammo ularning Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasidan Afg‘oniston shimoliga o‘tishga urinayotganliklariga oid xabarlar bor.

O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bundan 10 yil burun Afg‘onistonning Amerika boshchiligidagi ishg‘oli ortidan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlariga qochib o‘tishga majbur bo‘lishgandi.

NATO ham o‘tgan bir necha yil davomida Afg‘onistonning Qunduz doxil shimoliy viloyatlarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolarini o‘ldirgani yoki qo‘lga olganini da‘vo etib keladi.

Guruhning Afg‘oniston shimolidan turib, O‘zbekiston va Tojikistondan yangi jangarilar yollayotganiga oid xabarlar ham bor.

Ammo, shunisi ayonki, yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldoshning o‘limi ortidan O‘zbekiston Islomiy Harakatining faoliyati ancha zaiflashgan va hujumlarining sur‘atiyu ko‘lami ham avvalgidek emas.

Ular Pokiston va Afg‘onistonda Tolibon harakati hamda "Haqqoniy" jangari guruhining qo‘llovi bilan harakat qilishadi.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining sonini bir necha yuzta deyish mumkin.