Liviya isyonchilarni tayyorlayotganini rad etgan

Image copyright bbc
Image caption Liviya hukumatiga jangarilarni tayyorlash markazi borligi ma‘lum emas, degan bosh vazir Abdur Rahim al-Kib

Liviya hukumatiga Suriya kuchlariga qarshi jangarilarni tayyorlash markazi haqida hech narsa ma‘lum emas, deb aytgan Liviya bosh vaziri Abdur Rahim al-Kib.

"Qandaydir tayyorlov o‘quv markazi borligidan xabarim yo‘q. Faqat hukumatning ruxsatisiz nimadir mavjud bo‘lsa, lekin bunday bo‘lishiga katta shubham bor, degan janob bosh vazir AQSh davlat kotibi Xillari Klinton bilan birga o‘tqazilgan matbuot anjumanida.

Shu o‘rinda u Suriya muxolifatini quvvatlashini bildirgan. Liviya hukumati Suriya muxolifat kengashini birinchi bo‘lib tan olganini aytib o‘tgan.

7 martda Rossiyaning BMT dagi doimiy vakili Vitaliy Churkin Liviya hukumati qo‘li ostida Suriya hukumatiga qarshi isyonchilarni maxsus tayyorlaydigan markaz borligi haqidagi xabarlardan xavotirini izhor etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz "askarlari" Suriyaning qonuniy hukumatiga qarshi "jangovor harakatlar olib borish uchun" jalb etilmoqda.

"Bu xalqaro huquq me‘yorlariga to‘g‘ri kelmaydi.Bundan tashqari bunday harakat Yaqin Sharq mintaqasida barqarorlikka putur yetqazadi", - degan janob Churkin.

17 martda polkovnik Qaddofiyga qarshi Beng‘ozida boshlangan birinchi qo‘zg‘olonga bir yil to‘ladi.

Beng‘ozi shahridan keyin qo‘zg‘olon tezda butun mamlakatga tarqaldi.

Hukumat kuchlari qo‘zg‘olonni bostirishga urinishi ortidan NATO kuchlari mojaroga aralashdi.

20 martda Qaddofiy o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sirt shahrida o‘ldirildi.

Suriyada esa muxolifat va hukumat kuchlarining qurolli to‘qnashuvlari o‘tgan yilning may oyidan boshlab davom etadi.

BMT ning hisobotiga ko‘ra kamida 7,5 ming tinch fuqaro o‘ldirilgan, 2 mingdan ortiq hukumat kuchlari xodimlari halok bo‘lgani aytiladi.