Braziliya 2014: O‘zbekistonning so‘nggi raqiblari ham aniqlandi

2014 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olish uchun o‘z kurashini davom etdirayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit‘asidan so‘nggi saralash bosqich bellashuvlarida Janubiy Koreya, Eron, Qatar va Livanga qarshi to‘p suradi.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, ushbu bosqichda Markaziy Osiyo mintaqasini faqat O‘zbekiston namoyon etmoqda.

Uchinchi bosqich saralash bellashuvlarini bir durang va besh g‘alaba bilan yakunlagan O‘zbekiston so‘nggi bosqichga ham muddatidan ilgari yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar 16 ochko to‘plab, hatto, qit‘aning eng kuchli jamoasi, to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiyani ortda qoldirishgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hali o‘z tarixida Jahon chempionatining final bosqichiga chiqa olgan emas.

Ammo bu galgi saralash bosqich uchrashuvlarida o‘zbekistonlik futbolchilar o‘zlarini yaxshi namoyon etishmoqda.

Futbol mutaxassislari orasida ularning 2014 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatlarini ijobiy baholayotganlar ham ozmuncha emas.

Biroq

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi 3 iyun kuniga rejalangan dastlabki uchrashuvini beshta sara futbolchisisiz o‘tkazadi.

Ularning orasida jamoa sardori, "Osiyoning ikki karra eng zo‘r futbolchisi" Server Jepparov ham bor.

Eron Osiyoning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biri sanaladi va FIFA reytingida ham yuqori elliktalikka kiradi.

Ammo Yaponiyaga qarshi safardagi so‘nggi uchrashuvini beshovlonsiz o‘tkazgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi raqibini 1:0 hisobida mag‘lub etolgan.

FIFAning 17 fevralda bergan qaroriga muvofiq, beshovlonning uchinchi bosqich saralash bellashuvlarining Yaponiyaga qarshi yakuniy uchrashuvi va Eronga qarshi bo‘lajak o‘yinda maydonga tushishlari taqiqlab qo‘yilgan.

Xalqaro Futbol Uyushmasi o‘shanda Tojikistonga qarshi javob uchrashuvidan kelib chiqib, O‘zbekiston Futbol Uyushmasi va mamlakat terma jamoasini jazolashga qaror qilgandi.

O‘zbekiston Futbol Uyushmasining 20 fevral kuni yo‘llagan appellyatsiya maktubi ham xalqaro tashkilot tomonidan rad etilgan.

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatda juma kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida tashlangan qur‘a natijalariga munosabat bildirarkan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov bo‘lajak raqiblaridan hech biri o‘zlarini cho‘chitmasligini aytadi:

Vadim Abramov: Qur‘a natijalarini kutilmagan, deb aytmagan bo‘lardim. Biz avvaldan buni taxmin etayotgandek. Savat ham aniqlangandi. Faqat milliy terma jamoalarning qaysi guruhga tushishlari mavhum qolayotgandi. Mana, u ham aniq bo‘ldi. Imkoniyatlari bir-biriga teppa-teng ikkita guruh. Hech bir kutilmagan yeri yo‘q.

BBC: Qur‘a natijalari ortidan, bo‘lajak raqiblaringiz haqida nima deya olasiz? Agar ta‘bir joiz bo‘lsa, ularning orasidan qay biri sizni cho‘chitmoqda?

Vadim Abramov: Bo‘lajak raqiblarimizdan hech biri bizni cho‘chitayotgani yo‘q. Bizga avvalboshdan maqsadimiz yaxshi ayon. Agar bunday bo‘lmaganida, hozirgi bosqichga qadar yetib kelmagan bo‘lardik. Shunday ekan, bizni hech narsa qo‘rqitmaydi. Ularning har biri haqli ravishda yakuniy bosqich saralash bellashuvlarigacha yetib kelishdi. Shuning uchun ham bu masalada bir narsa deyish qiyin. Eng muhimi - orada qolgan vaqt ichida bo‘lajak uchrashuvlarga munosib tayyorlanish. Iyunda saralash bosqich bellashuvlari start oladi. Uchrashuvlarni qanday boshlashingiz nihoyatda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham 3 iyungacha lozim darajada hozirlik ko‘rish, barchaning sog‘-salomat bo‘lishi muhim.

BBC: Mana, bo‘lajak raqiblaringiz ma‘lum bo‘lishi ortidan, O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2014 yilgi Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Ustiga ustak, Eronga qarshi ilk uchrashuvingizni beshta sara futbolchingizsiz o‘tkazishingizga to‘g‘ri keladi?

Vadim Abramov: Qur‘adan avval ham, keyin ham imkoniyatlarimiz o‘sha-o‘sha. Hammaning imkoniyatlari ellikka-ellik. Buyog‘i endi faqat qanday o‘ynashingizga bog‘liq. Biz har qanday raqibga qarshi to‘p surishga tayyormiz.

"Hammasi yaxshi bo‘ladi..."

Saralash bosqich bellashuvlarida qatnashish istagini bildirib esa, Osiyo qit‘asidan ja‘mi 43 davlat ariza topshirgan.

So‘nggi bosqichga qadar Markaziy Osiyo mintaqasini faqat O‘zbekiston va Tojikiston milliy terma jamoalari namoyon etib kelishayotgandi.

O‘zbekiston endi "omon qolgan" 10 ta milliy terma jamoa qatorida 2014 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Osiyo qit‘asiga ajratilgan 4.5 ta o‘rin uchun kurash olib boradi.

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev milliy terma jamoa buyog‘iga ham mardonavor, jasorat va qahramonlik bilan o‘yin ko‘rsatsa, hammasi xayrli tugashiga umid qilayotganini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi