"Facebook ni ochib qo‘ying..."

Image copyright Getty
Image caption Tojikistonlik mas‘ullar hanuz web sahifalarga imkoniyatning yo‘qligiga texnik omillar sabab ekanini aytishmoqda

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Tojikiston hukumatini facebook.com va qator rus tilidagi web sahifalarni to‘sishni bas qilishga undagan.

Facebook.com, zvezda.ru, mahalla.com kabi veb sahifalar 2 martdan buyon foydalanuvchilarga imkonsiz qolmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar bunga asosiy sabab Tojikiston hukumati tanqid qilingan qator maqolalar sabab bo‘lganini taxmin etishadi.

"Internet mubohasalar va fikrlarning erkin izhoroti uchun ochiq minbarligicha qolishi lozim. Bu - Inson Huquqlariga oid umumbashariy deklaratsiyada bitib qo‘yilgan", deyiladi xalqaro tashkilotning bayonotida.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich bu xususda Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiyga maktub ham yo‘llagan.

Unda Miyatovich xonim, "Facebook va yana to‘rt mustaqil web sahifaning zudlik bilan ochilishiga umid qilayotgani" ham aytiladi.

Xalqaro tashkilotning bayonoti 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuniga to‘g‘ri kelgan.

Rasman xordiq kuni ekani bois, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotni hozircha sharhlamagan.

Tojikistondagi muxbirlarimizga ko‘ra, ayrim amaldorlar bugun ham web sahifalarga imkoniyatning yo‘qligiga texnik omillar sabab ekanini ta‘kidlashgan.

Yana bir tanqidiy bayonot

Tojikistonda qator web sahifalarning to‘sib qo‘yilishi bilan bog‘liq holat "Chegara Bilmas muxbirlar" tashkilotining ham jiddiy bayonotiga sabab bo‘lgan.

Xalqaro tashkilot o‘z bayonotida, "tojik hukumatining kutilmaganda internet tsenzurasini bu qadar kuchaytirib yuborgani"ni keskin tanqid qiladi.

"Shunga o‘xshash holatdan bir yarim yil o‘tib, tojik mas‘ullari yana internetni keng miqyosda tsenzura qilishga qaytishdi. Bu kabi holatni aqlga sig‘dirib bo‘lmagani bois, ularning xatti-harakatlariga toqat qilib bo‘lmaydi", deyiladi bayonotda.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, Tojikistondagi foydalanuvchilari soni bor-yo‘g‘i 35 mingta bo‘lgan bir paytda, ayniqsa, Facebookka imkoniyatning cheklab qo‘yilishi absurddir.

"Chegara Bilmas muxbirlar" tashkilotining bildirishicha, Tojikiston Xalq Demokratik partiyasi o‘zining muqobil ijtimoiy muloqot tarmog‘ini ishga tushirish rejasida ekanini e‘lon qilgan.

Kim nima deydi?

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha esa, mavjud vaziyatga Rossiyaning zvezda.ru web sahifasida chop etilgan maqola sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolada Tojikiston rahbariyati o‘tkazgan maxfiy yig‘in tafsilotlari o‘rin olgani aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, yig‘in chog‘ida "Tojikiston Islom Uyg‘onish" partiyasi ta‘sirining kuchayib borayotgani, buning oldini olish yo‘llari, partiya rahbarlari va a‘zolari ortidan nazorat o‘rnatish, qator masjidlarni yopish, ularning o‘rniga choyxona yoki partiya idoralarini ochish kabi qator masalalar muhokama etilgan.

Tojikistondagi muxbirlarimizga ko‘ra, facebook.com ijtimoiy muloqot tarmog‘i o‘sha maqoladan iqtiboslar olib chop etgan.

Tahlilchilarning taxmin etishlaricha, xuddi shu sabablar tufayli ham, ushbu web sahifalarga imkoniyat to‘sib qo‘yilgan.

Tojikiston Davlat Telekommunikatsiya agentligi rahbari esa, 5 mart kuni bunga texnik omillar sabab bo‘lganini bayon qilgandi.

Nima uchun?

Tojikistonda hukumatning faoliyatini tanqid qiluvchi web sahifalarga to‘siq qo‘yilishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Muxbirlarimizga ko‘ra, Tojikiston sharqida bir guruh jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlar kechgan 2010 yilda ham qator Rossiya web sahifalariga imkoniyat cheklab qo‘yilgan.

O‘sha paytda ham ushbu web sahifalarda mamlakat qurolli kuchlarining xatti-harakatlarini tanqid qiluvchi ko‘plab maqolalar chop etilgan bo‘lgan.

Mas‘ullar esa, o‘shanda ham bunga turli texnik omillar sabab bo‘lganini aytishgandi, deyishadi muxbirlarimiz.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, mintaqadagi qolgan qo‘shnilariga nisbatan tojik hukumati matbuotga anchayin erkin esa-da, prezident Rahmonni tanqid qilish mumkin emas.