Sovqotgan odamlarning noroziligi uchun mahalliy faol ayblandi

Image caption Odamlar uylarida sandal bilan isinishga majbur bo‘lganlar

Hali ham qattiq sovuq kuzatilayotgan Qarshi shahridagi ham tabiiy gaz va ham elektr quvvatisiz qolgan ikki mahalla aholisi norozilik bildirganlar.

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshining ko‘p qavatli uylardan iborat "Mahallot" va "Kunchiqar" mahallarida fevral oyining oxirgi kunlarida elektr ta‘minoti butkul uzilgan.

Ayni shu kunlarda havo harorati ham juda sovib ketgan, qarshiliklar 11 mart kuni ham yangi qor yoqqanini aytishadi.

"Mahallot" va "Kunchiqar" mahallaridagi ayrim ko‘p qavatli uylar bir elektr ta‘minlash transformatoridan elektr energiyasini olishadi.

Qarshilik inson huquqlari himoyachisi Gulshan Qorayevaning aytishicha, dastlab transformatorning xonadonlarga elektr uzatadigan bir fazasi kuyib ketgan.

Bu haqda shahar elektr tarmog‘i tashkiloti xabardor etilgan.

"Havo sovuq bo‘lgani uchun, bu ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz anchadan beri yo‘qligi uchun transformatorning kuygan fazasidan elektr quvvati olib, bir iloj qilib o‘zlarini isitib kelayotgan odamlar ikkinchi fazaga ulanib olganlar. Natijada ko‘p sondagi aholining elektr ehtiyojini qondira olmagan transformator butkul kuydi", deydi o‘zi ham shu hududda istiqomat qiladigan Gulshan Qorayeva.

"Elektr ta‘minoti tashkilotidagilar transformatorni almashtirish uchun ko‘tarma kran topa olishmayotganini aytishdi. Yana qandaydir bir ehtiyot qismini almashtirish kerak ekan. Mahallalarda yashaydigan odamlar ana shu ehtiyot qismni sotib olib qo‘yish uchun kimdir 3000, kimdir 5000 so‘mdan pul yig‘ib berishdi", deydi inson haqlari faoli.

"10 mart kuni kuni Gorsetga qo‘ng‘iroq qilib, qachon transformatorni tuzatasizlar, deganimda, "opa, maktabda montyorlar ishlashayapti", deb aytishdi. Shundan keyin qo‘shnilarimiz bilan transformator joylashgan maktabga bordik. U yerda kamida 50 kishi kichkina bolalarini sovuqdan o‘rab olib, mutaxassislarni kutib turishgan ekan. Pulni yig‘ib oldingiz, nega endi yana elektr bermayapsizlar, deb odamlar hokimiyatga ham ketishipti", deydi Gulshan Qorayeva.

Maktabga yig‘ilgan uy-joy shirkati mas‘ullari Gulshan Qorayevani odamlarni norozilik namoyishiga olib chiqqanlikda ayblashgan.

Qattiq kelgan qish

"Yo‘q, biz o‘zimiz sovuq jon-jonimizdan o‘tib ketganidan keyin chiqdik", deb odamlar aytishganidan keyin ular tinchishdi", deydi Gulshan Qorayeva.

Bu yilgi qish mavsumi butun mintaqada bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham qattiq keldi.

Ilk qor ayrim hududlarda noyabr oyida tushgan, shundan keyin deyarli har hafta qor yoqqan.

O‘zbekiston hududida bunchalik ko‘p qor bundan 40 yillar oldin yoqqani aytiladi.

Havo haroratining pastligi va ko‘p qor yoqqani aksar o‘zbekistonliklarni mushkul ahvolga solib qo‘ygan.

Oddiy odamlar ham tabiiy gaz va ham ham elektr quvvati ta‘minotisiz qolganlar, bunday holat avvalgi yillarda ham kuzatilgan.

Bu yilgi qiyin sharoit hatto oddiy odamlarda "O‘zbekistonning gazi qayerga ketayapti", degan savollarni tug‘dirgan.

Aksar hududlarda ko‘p yillik daraxtlar bundan bir necha yil oldin o‘tin qilib kesib yuborilgani kuzatilgan.

O‘tgan yil yozida O‘zbekistonning ayrim hududlarida hokimliklar aholini qish qattiq kelishidan va buning uchun ko‘mir g‘amlash lozimligidan ogohlantirishgan edi.

Bu yil ko‘mir narxi qimmatlagani kuzatilgan.

Shu kecha-kunduzda O‘zbekistonning aksar hududlarida tunda havo harorati -2 darajada saqlanmoqda.

Ob-havoni bashorat qilish mutaxassislariga ko‘ra, 15 martdan havo haroratining ko‘tarilishi kutilmoqda.