Ruhiddin Komilov: O‘zbekistonda faqat itoatkor advokatlar bo‘lishini xohlashmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik taniqli advokat Ruhiddin Komilov aytishicha, uning malaka imtihonidan o‘tkazilmagani hokimiyatning mamlakatdagi advokatura tizimini itoatkorlikda ushlab turish istagining dalolatidir.

2009 yilda advokatlik guvohnomasi bekor qilingan Ruhiddin Komilov shu yilning yanvarida yana ariza topshirgan.

Image copyright ferghana.ru
Image caption Ruhiddin Komilovning o‘z himoyasidagi shaxs manfaatlarini himoya qilishi militsiya, prokuratura va sud organlari vakillarining g‘ashiga tekkan.

"Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning malaka imtihoni deb ataladigan imtihon dastlab 27 yanvarga belgilanib, keyinroq bekor qilindi. 28 fevral kuni esa malaka imtihoni topshirdim", dedi Ruhiddin Komilov.

Malaka komissiyasi olti kishidan iborat bo‘lgan.

Uch nafari Toshkent viloyat Adliya boshqarmasidan, uch nafari Advokatlar palatasi a‘zolari bo‘lganlar.

Ruhiddin Komilovning aytishicha, u o‘zining ushbu malaka imtihonidan o‘tishi uchun talab qilinadigan barcha talablarga javob bergan, hatto hay‘at a‘zolari "bu imtihondan siz o‘tmasangiz, yana kim o‘tadi", deya e‘tirof ham etganlar.

Biroq malaka komissiyasining yozma qarorida Ruhiddin Komilov "imtihon topshirmagan, deb hisoblansin", deyilgan.

Malaka komissiyasi "yuqoridan" kelgan buyruqni bajarayapti, deydigan Ruhiddin Komilov, komissiya qarorini o‘z bilimi va malakasi yuqori ekaniga qaramasdan, advokatlik bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadidagi qaror deb baholaydi.

Ruhiddin Komilov o‘ziga nisbatan noxolislik qilinayapti, deb hisoblaydi.

"Buning sababi, mening o‘zim o‘zim haqimda gapirsam noto‘g‘ri bular-ku, lekin men ancha-muncha ishlarning ob‘ektiv, ijobiy ko‘rilishiga erishganman. O‘zimning mustaqil fikrimga egaman. Bundan tashqari, biz boshqa advokatlar bilan birga mana shunday malaka komissiyalari tashkil etilishiga qarshi chiqqanmiz. Bunday amaliyotning O‘zbekiston konstitutsiyasiga, xalqaro qonunchilikka zid ekanini O‘zbekiston Konstitutsiyaviy Sudiga, O‘zbekiston prezidentiga yozganmiz", deydi Ruhiddin Komilov.

U 2010 yilda "Xalq manfaatlari" Sotsial-Demokratik partiyani tuzish tashabbuskorlaridan biri bo‘lganining ta‘siri ham advokatlar palatasida so‘nggi qarorida borligini aytadi.

Ruhiddin Komilov O‘zbekistondagi qator inson huquqlari himoyachilari, muxolif siyosatchilar va jurnalistlarni advokat sifatida himoya qilgan.

U insonlarning qiynoqlar va boshqa qonunlarga zid muomalalarga duch kelganini mahkamalarda ochiq aytgan.

Ruhiddin Komilovning o‘z himoyasidagi shaxs manfaatlarini himoya qilishi militsiya, prokuratura va sud organlari vakillarining g‘ashiga tekkan.

O‘zbekistonda advokatura tizimini isloh qilishga qaratilgani aytilgan o‘zgarishlar tizimni o‘zgacha fikrlovchi advokatlardan "tozalash" maqsadini ko‘zlagani avvaldan bashorat qilingan, 2009 yildagi malaka komissiyalari bir necha advokatlarni guvohnomalaridan mahrum qilgan edi.