Afg‘oniston: amerikalik askar tinch fuqarolarni otib o‘ldirgan

Image copyright Reuters
Image caption Bazasini o‘zboshimchalik bilan tark etib qotillik sodir etgan askarning ismi-sharifi oshkor qilinmayapti.

Afg‘onistonning Qandahor viloyatida amerikalik askar tong payti odamlarning uylariga kirib tinch fuqarolarga qarata o‘t ochgan, oqibatda kamida 16 insonni o‘ldirgan, 5 kishini jarohatlagan.

Hodisa shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi tungi soat 3 larda ro‘y bergan.

Panjvoyi tumanidagi harbiy bazadan yarim kechada o‘zboshimchalik bilan chiqqan askar bazaga yaqin joyda joylashgan mahalliy aholi xonadonlariga kirib o‘t ochgan.

Mahalliy odamlarning aytishlaricha, halok bo‘lganlar orasida bolalar va ayollar bor.

Aytishlaricha, qotillikni sodir etishidan oldin askar asabiy xurujga uchragan.

Hodisadan keyin AQSh harbiylari askarni hibsga olganlar.

Ertalab harbiy baza oldida mahalliy odamlar yig‘ilganlar, ular ushbu qotillikdan g‘azablarini izhor etganlar.

"Frans Press" axborot agentligi muxbiri oila a‘zolari halok bo‘lgan uch xonadonni borib ko‘rganini aytgan.

Qotillik sodir etgan askarning ismi-sharifi oshkor qilinmayapti.

Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar - ISAF ro‘y bergan hodisa yuzasidan taassuf izhor etib bayonot e‘lon qilgan.

"Bu juda ham qayg‘uli hodisa va biz ushbu hodisa aloqador bo‘lgan oilalarga o‘z hamdardligimizni bildiramiz", deyiladi ISAF bayonotida.

Qotillik yuzasidan NATO va Afg‘on rasmiylari birgalikda tekshiruv boshlaganlari haqida ma‘lum qilgan xalqaro kuchlar qo‘mondonligi.

Ushbu hodisa Afg‘onistonda Qur‘on yoqilishidan keyingi taranglik kuzatilayotgan paytda yuz bergan.

Kobulga yaqin Bagrom harbiy bazasidagi chiqindilarni yoqadigan pechga amerikalik harbiylar Qur‘on nusxasini tashlaganlari ma‘lum bo‘lgani musulmon dunyosida g‘azablarni uyg‘otdi.

Afg‘onistonning turli burchaklarida musulmonlar norozilik namoyishlariga chiqdilar, namoyishlar zo‘ravonliklarga aylandi.

Oqibatda kamida 30 afg‘on, olti amerikalik harbiy halok bo‘ldi.

Bagrom bazasidagi hodisa uchun NATO va AQSh rahbariyati kechirim so‘radi, tekshirish boshlangani xabar qilindi.