Yamandagi havo hujumida jangarilar o‘ldirilgan

Image copyright AFP
Image caption Bayda viloyatidagi tog‘li qishloqlarda jangarilar panoh topgan deb ishoniladi

Xalqaro terroristik guruh deb ataladigan "Al-Qoida"ning kamida 10 ta jangarisi Yaman janubida sodir etilgan havo hujumida halok bo‘lgan.

Yaman rasmiylari tun bo‘yi Bayda viloyatidagi tog‘li qishloqlar havo hujumiga tutilganini tasdiqlaganlar.

"Al-Qoida" jangarilari panoh topgan deb ko‘riladigan hududlarga hujumlar oqibatida "Al-Qoida"ning bir necha rahbari o‘ldirilgan.

Ba‘zi bir xabarlarda halok bo‘lganlarning soni 23 tagacha bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Reyter agentligi xabar berishicha, jangarilarning transport vositalari ham yo‘q qilingan.

Qurollangan guruh harbiy harakatlarga tayyorlanayotgan bo‘lgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, amaliyot Yaman qurolli kuchlari tomonidan o‘tkazilgan.

Guvohlar esa, Amerikaga tegishli uchoqlarni ko‘rganlarini aytishgan.

BBCning Qohiradagi muxbiriga ko‘ra, Amerika "Al-Qoida" ga qarshi asosan uchuvchisiz uchoqlarni qo‘llab keladi.

Ommaviy namoyishlar va hukumat o‘zgarishidan keyin paydo bo‘lgan notinch vaziyatdan foydalangan jangari guruhlarning mintaqada faollashgani aytiladi.

Jangarilarga qilingan havo hujumi Yaman prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadiy rahbarligidagi hukumatning "Al-Qoida" bilan kurashni davom ettirishiga ishora bo‘lishi mumkin.