"Suriya piyodalarga qarshi minalardan foydalanmoqda"

Image copyright AFP
Image caption Chegaradan zo‘ravonliklardan qochib o‘tayotgan odamlar bu minalarga duch kelmoqda

Suriya harbiylari Livan va Turkiyaga yaqin chegaralarga minalarni joylashtirgan.

Chegaradan zo‘ravonliklardan qochib o‘tayotgan odamlar bu minalarga duch kelmoqda, deb ta‘kidlagan Human Rights Watch xalqaro tashkiloti.

Huquq himoyachilari ushbu minalardan jabrlangan ko‘p sonli tinch aholi va Suriya muxolif kuchlarining bergan ma‘lumotlariga tayanib xabar bergan.

28 yoshli Suriya armiyasining sobiq sapyori Human Rights Watchga aytishicha, martdan buyon Turkiya chegarasiga yaqin Hasaniya qishlog‘idan do‘stlari bilan qariiyb 300ga yaqin minani zararsizlantirganini aytgan.

Yana bir guvoh 15 yoshli bola do‘sti bilan Livanga o‘tib ketayotganida minaga uchrab yaralanganini gapirgan:"Men chegaraga yetishga 50-60 metrlar qolganda mina portladi, do‘stim halok bo‘ldi", - degan u.

Human Rights Watch tashkilotining oddiy qurollarni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Stiv Gruzga ko‘ra, 1997 yilda qabul qilingan, 159 mamlakat imzo chekkan Ottava shartnomasiga muvofiq (bu shartnomaga Suriya qo‘shilmagan), piyodalarga nisbatan minalarni ishlab chiqarish va sotish to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta‘qiqlanadi.

"Bu qurolni biror bir maqsad bilan ishlatgan mamlakatni oqlab bo‘lmaydi", - deb aytgan Stiv Gruz.

Rasmiy Damashq bu ayblovni izohlamagan.

"Yangi qurbonlar"

Suriyada aksilhukumat harakatlarida halok bo‘lganlarning soni 8 mingdan oshgan.

Bu haqda BMT Bosh Assambleyasi 66-sessiyasining raisi Nosir Abdul al-Aziz an-Nosir e‘lon qilgan.

Qatarlik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ko‘pi ayollar va bolalardir.

Muxolifat faollari dushanba kuni Homs shahridagi hujumlarda kamida 47 kishi o‘ldirilganini xabar qilishgan.

Karm az-Zaytun tumanida tanasida qiynoq alomatlari bo‘lgan jasadlar topilgan.

Suriya hukumati bu xabarni tasdiqlagan va "qurollangan terroristlar"ni qotilliklarda ayblagan.

"Aniq takliflar"

Suriyadagi vaziyat seshanba kuni Turkiyada BMTning maxsus elchisi Kofi Annan va Suriya milliy kengashi o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda muhokama etiladi.

Oldinroq bu yerda Turkiya bosh vaziri Rajab Tayip Erdo‘g‘on bilan uchrashgan Kofi Annan vaziyatni yo‘lga solish ko‘p vaqt talab qilishini aytgan.

Yakshanba kuni Damashqni tark etgan BMT elchisi Bashar al-Assad bilan Suriya mojarosini yechilishini muhokama qilgani, Suriya prezidenti oldiga "aniq talablar qo‘yilgan"ini bildirgan.

Frans press agentligining xabar berishicha, Suriya hukumati janob Annanning taklifiga 13 martda javob berishi kutilmoqda.