Hayot-mamot uchrashuvi: O‘zbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari...

Image copyright uff.com
Image caption O‘zbekistonlik futbol mutaxassislari ertangi uchrashuvda Olimpiya terma jamoalarining g‘alaba qozonishi borasida nekbin...

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi ertaga hayot-mamot uchrashuvida o‘z maydonida Birlashgan Arab Amirliklarini qabul qiladi.

Uchinchi bosqich saralash bellashuvlarining hal qiluvchi so‘nggi uchrashuvi Toshkentning “Jar” stadionida mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan boshlanadi.

Ushbu o‘yin g‘olibi 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Men ertangi uchrashuv arafasida Toshkentdan terma jamoa Bosh murabbiysi Vadim Abramov bilan bog‘lanib, hayot-mamot uchrashuviga so‘nggi hozirliklari bilan qiziqdim:

Vadim Abramov: Albatta, bo‘lajak uchrashuvga tayyormiz. Shunchalik muhim o‘yin oldidan, "Unga yoki bunga ulgurmadik", deyish aqlsizlik bo‘ladi, menimcha. Demoqchimanki, bitta uchrashuvga har doim ko‘ngildagidek hozirlik ko‘rsa bo‘ladi.

BBC: Bu kabi muhim uchrashuvlarda futbolchilarning ruhiy holatlari nihoyatda muhim rolь o‘ynaydi. Iroq Olimpiya terma jamoasiga so‘nggi mag‘lubiyati ortidan shogirdlaringizning hozirgi psixologik holatlarini qanday baholaysiz?

Vadim Abramov: Futbolchilarning ruhiy holatlari joyida. Bu - shunchaki alamli mag‘lubiyat edi, xolos. Uni unutib, maydonda bor o‘yinni namoyish etish kerak. Shunda, menimcha, hammasi joyida bo‘ladi.

Barchasi yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin... BBC: Iroq Olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘yinda o‘zbekistonlik futbolchilarga nima pand berdi, sizningcha?

Vadim Abramov: Nazarimda, nihoyatda g‘alaba qozonish istagida bo‘lganimiz uchun ham yutqazdik. Gohida ana shu narsa pand berib qo‘yadi. Shoshdik, menimcha. Futbolda shunaqasi ham bo‘ladi. Kimgadir omad kulib boqadi, a kimgadir yo‘q. Umid qilamanki, ertangi uchrashuvda omad biz tomonda bo‘ladi.

BBC: Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘yin ham hal qiluvchisi bo‘ladi. Shunday ekan, bu gal ham g‘alaba qozonish istagi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga pand berib qo‘ymasmikan?

Vadim Abramov: Barchasi yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Ammo, yoshlar o‘rtasidagi so‘nggi Jahon chempionati va Osiyo O‘yinlaridagi natijalarini nazarda tutib, o‘zbekistonlik futbol mutaxassislarining o‘zlari ham amirlik yoshlarining nimalarga qodirligini tan olishadi.

Iroq va Avstraliya Olimpiya terma jamoalari esa, hisoblarida yana bir uchrashuv qolganiga qaramay, allaqachon guruhdan chiqish umidini uzib bo‘lishgan.

Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi? O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddalay oladimi? Suhbatdoshim o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Joriy bosqichda O‘yinlarga Osiyo qit‘asidan bor-yo‘g‘i to‘rtta yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun 12 ta terma jamoa kurash olib borishmoqda.

Ya‘ni, uchinchi tur saralash bosqich uchrashuvlari yakuniy natijalariga muvofiq London Olimpiadasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kirituvchi to‘rtta terma jamoaning taqdiri aniq bo‘ladi.

Buning uchun o‘sha terma jamoalarning o‘z guruhlarida faqat birinchi o‘rinni egallashlari taqozo etiladi.

O‘z guruhida ikkinchi o‘rinni olgan uch jamoa esa, yana pley-off bellashuvlarida ishtirok etishi lozim bo‘ladi.

Vьetnamda bo‘lib o‘tajak o‘yinlar g‘olibi Senegalga qarshi maydonga tushadi.

To‘rtinchi yo‘llanma taqdiri xuddi ana shu uchrashuvda hal bo‘ladi.

"O‘lim" guruhi

Image caption O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi kutilmaganda hal qiluvchi uchrashuvini safarda iroqlik raqiblariga boy berib qo‘ygandi

Uchinchi bosqich saralash bellashuvlarining beshinchi tur uchrashuviga qadar to‘rt o‘yindan 8 ochko to‘plagan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi o‘zi tushgan "O‘lim" guruhida peshqadamlik qilayotgandi.

Ammo shu yil fevral oyi so‘nggida bo‘lib o‘tgan so‘nggi o‘yinida avstraliyalik raqiblarini 1:0 hisobida mag‘lub etgan amirlik yoshlari o‘zbekistonlik futbolchilardan o‘zib, guruhda birinchi o‘riga ko‘tarilib olishdi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa, London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga eshik ochishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi uchrashuvda iroqlik raqiblariga 2:1 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Hozir guruhda ilg‘orlik qilayotgan Birlashgan Arab Amirliklari hisobidagi ochkolar soni so‘nggi uchrashuv ortidan 11 taga yetdi.

Bu o‘zbekistonlik futbolchilar shu paytga qadar to‘plagan ochkolardan 3 taga ko‘pdir.

Qo‘shimcha ochkolar

Image copyright AFP
Image caption Avstraliya ustidan so‘nggi g‘alabasi ortidan, O‘zbekiston tushgan "O‘lim" guruhida Birlashgan Arab Amirliklari peshqadamlik qilib turibdi

FIFAning Iroqqa texnik mag‘lubiyat, Birlashgan Arab Amirliklariga 3:0 hisobida g‘alaba yozishga oid 8 fevraldagi qarori ham O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining qilgan mehnatlarini deyarli yo‘qqa chiqardi.

Futbol mutaxassislari o‘zbekistonlik futbolchilarda hali ham imkoniyat borligi, ammo bu bir tomondan Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi uchrashuv natijasiga bog‘liq bo‘lishini aytishgandi.

Endi esa, London Olimpiada O‘yilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun o‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi uchrashuvlarida aynan Birlashgan Arab Amirliklarini yengishlari shart bo‘ladi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, har ikki jamoa urgan va o‘tkazib yuborgan to‘plar hisobiga ko‘ra, kichik hisobdagi g‘alaba ham O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasini o‘yinlarga olib chiqadi.