Amerika Mudofaa vaziri Afg‘onistonga safar qilmoqda

Image copyright Getty
Image caption Afg‘onistonga safari oldidan Panetta janoblari Bishkekda bo‘lgan

Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta Afg‘onistonga avval e‘lon qilinmagan safarini boshlagan.

Mulozimlarga ko‘ra, Panetta janoblarining Afg‘onistonga safari Yakshanba kuni Amerika askari 16 nafar afg‘onni otib o‘ldirishidan avval rejalangan.

Amerika Mudofaa vaziri Afg‘oniston prezidenti Homid Karzay bilan uchrashadi.

Muxbirlarga ko‘ra, Afg‘oniston va Amerika mulozimlari har ikki mamlakat aholisi tomonidan tobora ko‘proq qoralanayotgan urush yuzasidan jiddiy bosim ostida qolmoqda.

Mudofaa vaziri Amerikaning Afg‘onistondagi qo‘shinlari bilan uchrashadigan.

Yakshanba kungi fojeadan keyin xalqaro qo‘shinlar orasida Toliblarning ehtimoliy qasos amallari yuzasidan xavotir kuchaygani aytiladi.

Afg‘onistonga safari oldidan Leon Panetta Amerikaning bu mamlakatdagi strategiyasi ishlayotganiga ishonishini va Yakshanba kuni ro‘y bergan qotillik Vashingtonning dasturamaliga jiddiy ta‘sir qilmasligini aytgan.

"Men biz to‘g‘ri yo‘ldamiz deb o‘ylayman. Biz odamlarni bu kabi voqealar o‘z strategiyamizga ta‘sir qilmasligiga ishontirishimiz kerak", deb aytgan Panetta janoblari.

Ayni paytda Amerikada prezident Obama va Britaniya bosh vaziri Devid Kameron Afg‘onistondagi urush xotimasini muhokama etishgan.

Ishonilishicha, Afg‘oniston kuchlari xalqaro qo‘shinlardan 2013 yilning o‘rtalariga kelib nazoratni o‘z ixtiyorlariga olishadi.

Bu avval rejalanganidan ertaroqdir, ammo prezident Obama "biz chiqib ketishga shoshilmaymiz", deb aytgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Afg‘onistonda Amerikaga qarshi hissiyotlar yakshanba kungi qotillikdan avval ham avjiga chiqqandi.

O‘tgan oy Amerika qo‘shinlari atayinchilikdan xoli ravishda Qur‘on nusxalarini Amerika bazasida yoqib yuborganlari aksariyat afg‘onlarning qahru g‘azabiga sabab bo‘lgan edi.