Andijonlik muxlislar: "Jon elektrik amaki, bugun chiroqni o‘chirmang!"

Image caption Saytdagi murojaat matniga hozirda to‘siq qo‘yilgan

Andijonlik futbol ishqibozlari viloyat elektr tarmog‘iga murojaat qilib, bugungi O‘zbekiston va BAA olimpiya jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvi davomida chiroqni o‘chirmaslikni iltimos qilishmoqda.

O‘z navbatida viloyat elektr tarmog‘i mutasaddilari elektrni uzmaslik mushkul ekani, berilgan limitdan oshib ketmaslik uchun bunday va‘da berolmasligini ta‘kidlashmoqda.

Tarmoqdagilar muxlislarga tok ishlab chiqaruvchi kichik generatorlarni sotib olishni maslahat bermoqda.

Qashqadaryoda esa muxlislar futbol davomida elektr energiyasida uzilishlar bo‘lsa, navbatchini kaltaklash orqali muammoni hal qilarkan.

"Jon elektrik amaki, bugun chiroqni o‘chirmang!"

"Andijon" futbol klubi muxlislari sayti bo‘lmish burgutlar.com da chop etilgan murojaat "Jon elektrik amaki, bugun chiroqni o‘chirmang!" deya boshlanadi.

Saytda aytilishicha, Londondagi olimpiyada o‘yinlariga boruvchi jamoa nomi aniq bo‘ladigan O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi bahsni muxlislar sabrsizlik bilan kutayapti.

Ammo so‘nggi vaqtlarda "elektr toki iste‘molini kamaytirish maqsadida elektr ta‘minotida vaqti vaqti bilan uzilishlar bo‘lib turadi". Shu sababdan sayt ma‘muriyati bir qator muxlislarning istak xohishini o‘sha sohada ishlayotgan barchaga yetkazmoqchi ekanligini bildirgan.

"Iltimos, ertangi bahsning qiymati baland. Bu o‘yinga London olimpiadasi chiptasi tikilgan. Shuning uchun xam soat 17:50dan 20:00 gacha barcha joylardagi elektr tarmoqlarida uzilish bo‘lmasin. Ushbu uzilish orqali yuzlab oilalardagi minglab muxlislarning asablari buzilmasin", deyiladi murojaatda.

Ishqibozlar elektr tarmog‘ida uzilishlar bo‘lmasligini so‘rashga haqlari borligini va shuning uchun ham ushbu murojaatni qilishga hadlari siqqanligini aytadi.

Murojaatni yozgan burgutlar.com sayti ma‘murlaridan biri bu bu borada izoh berishdan bosh tortdi, elektr tarmog‘idagi uzilishlarni esa shamol bilan bog‘ladi.

"Aka, men to‘g‘risi sizlarga bir nima deyolmayman. To‘g‘risi, chiroqning o‘chib qolishi bo‘ladigan narsa. Misol uchun shamol bo‘lishi mumkin. Shamolda liniyalar uzilishi mumkin", - deydi sayt ma‘muri.

"Qiyin masala"

Andijon viloyat elektr tarmog‘i mutasaddisi Xurshidbek Qurbonov muxlislar tomonidan qilingan murojaatdan bexabarligi va chiroqni uzmaslik qiyin masala ekanligini aytdi.

"Endi elektr energiya yetishmayapti. Hozir men dispetcherlarga bir qator tayinlab qo‘yaman, mana shunaqa holat bo‘layapti ekan, deyman. Lekin o‘chirmaslik haqida bir narsa deyish qiyin. Katta liniyamizdan ham o‘chib ketib qolishi mumkin. O‘chishiga sabab limit kam-da, elektro energiya miqdori kam. Bizga shuncha olish mumkin deb belgilab qo‘yilgan, oshib ketolmaymiz", - deydi Xurshidbek Qurbonov.

Mutasaddi muxlislarga futbolni asablarni buzmasdan ko‘rish uchun tok ishlab chiqaruvchi kichik generator sotib olishni maslahat berdi.

Ishqibozlarning murojaati saytda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, unda chiroq kelishiga ishonmaydigan muxlislarning ko‘pligini kuzatish mumkin.

Muxlislar bir biriga futbolni chiroq bo‘lmaganda qanday ko‘rish haqida maslahatlar berishgan.

Ko‘pchilik kichik generatori bor uy yoki choyxonalarga borishini aytsa, yana kimdir mashina akkumulyatoriga televizorni ulash chorasi haqida yozadi.

"Jinlupu televizorlar bo‘lardi, ashilarni orqasida 12Vga ulaydigan gnezdosi bor, shunda ko‘rsa buladi. Bo‘lmasa tir-tiri borlarnikiga yugurasta )))", - deydi F_Riberi nomli foydalanuvchi.

Uff.uz saytida esa SPORTON nomli yuzer, "Shu darajaga yetibmizki, endi qonuniy huquqimiz bo‘lgan elektrni ham so‘rab oladigan bo‘libmiz. Huquqimizni bilganimizda, allaqachon xalqimiz bularning barchasini sudga bergan va yutib chiqqan bo‘lardi", deydi.

Opel nomli yuzer esa, "Kimni sudga beramiz va Sud kimniki o‘zi :)", - deya kinoya bilan javob qaytaradi.

Suhbatdoshlarimiz elektr tarmog‘ida uzilishlar poytaxt Toshkentdan tashqari boshqa mintaqalarda ham odatiy holga aylanganini aytishdi.

Qashqadaryolik muxlisning aytishicha, elektr tarmog‘idagilar futbol kuni telefon go‘shagini ko‘tarib qo‘yadi, jahli chiqqan muxlislar esa ayrim holatlarda tarmoqdagi navbatchilarni kaltaklab ham turishadi.

"Chiroq o‘chishi hamma joyda bor, biz telefon qilsak trubkasini ko‘tarib qo‘yadi, telefon qilib tusholmaymiz. Keyin iloj yo‘q boramiz, janjal qilamiz, baribir yoqmaydi. Bir hil payti tortishamiz, ayrim paytlari 2-3 kishi borib navbatchini urib kelamiz", - deydi qashqadaryolik muxlis. Bu ishqibozning aytishicha, elektr tarmoqdagilar so‘nggi vaqtlarda futbol vaqti chiroqni o‘chirmaslikka harakat qilishmoqda. Ammo ashaddiy muxlislar har ehtimolga qarshi kichik generatorlardan olib qo‘yishgan.

Chiroq o‘chsa, generator televizorga tok yetkazib beradi va muxlislar sevgan jamoasini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.