O‘zbekiston: aholiga berilmagan gaz va elektr uchun nafaqalardan ushlab qolinmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Nafaqaxo‘rlar O‘zbekistondagi ijtimoiy jihatdan eng zaif qatlam hisoblanadi

Namangan viloyatida hokimiyatning aholidan yo‘q gaz va elektr uchun to‘lov undirish harakati nafaqaxo‘rlarning noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari Jamiyati tarqatgan xabarda aytilishicha, shu kunlarda To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlarida nafaqalarini olish uchun mahalla fuqarolar yig‘iniga borgan nafaqaxo‘rlarga gaz va elektrdan yuz minglab so‘m qarzdor ekanliklari aytilgan.

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Kuymozor qishlog‘i yashovchilaridan Komiljon akaning BBCga aytishicha, nafaqaxo‘rlar o‘tgan yil kuzdan buyon berilmayotgan gaz uchun pul to‘lashdan bosh tortishgan.

"Kampirimga gazdan 230 ming so‘m qarz chiqarib berishibdi, bitta bizmas, juda ko‘pchilik. To‘laganimiz yo‘q, ammo xatga tushding, o‘tga tushding, to‘lash kerak baribir", - deydi otaxon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi uchun har oy nafaqalardan 15-30 ming so‘m miqdorida ushlab qolinadi.

"Hozir ham uyimizda elektr yo‘q, ertalab o‘chgan. Gaz o‘tgan yil kuzdan beri yo‘q", - deydi Komiljon aka.

Uning aytishicha, butun qish xonadon 100 bog‘ g‘o‘zapoyani yoqib, jon saqlagan.

Energiya inqirozi

Qahraton qish bu yil O‘zbekistonda energiya inqiroziga sabab bo‘lgan.

Rasmiylar muammo uchun ko‘pincha aholining qarzdorligini vaj qilib keltirishadi.

Ammo shu yil yanvarida "Namanganelektroset" korxonasi mulozimi Abdurahmon Mamajonov mahalliy matbuotdagi chiqishida tarmoqdagi uzilishlarda aholini emas, balki hokimiyatni ayblagan.

Rus tilida chop etiladigan "Novosti Uzbekistana" ro‘znomasi muxbirining savollariga javob berarkan, mulozim xonadonlar isitilmayotgan bir sharoitda aholining elektr jihozlaridan foydalanishi tabiiy ekanini aytgan.

"Elektrning o‘chirilishida energetiklar emas, balki xalqni vaqtida issiqlik va gaz bilan ta‘minlamaganlar aybdor", - deb aytgan Abdurahmon Mamajonov.

AQShda yashayotgan tahlilchi Toshpo‘lat Yo‘ldoshevga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘tgan 20 yil mobaynida gidro va issiqlik energetikasi sohasiga yetarli sarmoya kiritmagan.

"Rasmiy raqamlarga ko‘ra, elektr energiyasi sohasiga yiliga 100 million dollardan sal ko‘proq mablag‘ sarflangan, bu mavjud infratuzilmani saqlab turish uchun ham yetarli emas", - deydi tahlilchi.

Joriy yil o‘tkir energiya taqchilligi O‘zbekistonning barcha mintaqalarida kuzatilgan.

Rasmiylar Qashqadaryo viloyatida aholining gaz va elektr taqchilligiga qarshi norozilik urinishlarini bostirishgan, bir necha faollar hibsga oib, jarimaga tortilgan.

Elektr energiyasi taqchilligi so‘nggi paytlarda poytaxt Toshkentda ham kuzatiladi.

O‘zbekiston parlamenti ta‘minotchilarning javobgarligiga doir yangi qonunnni qabul qilgan, ammo na parlament va na hukumat hozirga qadar energiya taqchilligi yuzasidan jo‘yali izoh bermagan.

"Gazini chetga sotib..."

Ayrim tahlilchilar yuzaga kelgan inqirozga hukumatning chetga ko‘proq gaz eksport qilish xohishi ham sababchi ekanini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Rossiya va Xitoyga sotilayotgan gazning bir qismi ichki iste‘molchilar hisobidan qoplanmoqda.

O‘zbekiston energiya inqirozi eng avjiga chiqqan dekabr oyida Hitoyga yangi gaz quvurini ishga tushirgan.

Yangi quvur Buxoroda qazib olinayotgan gazni Qozog‘iston xududi orqali Xitoyga yetkazib beradi.

Rasmiy xabarlarda gaz narxi va eksport shartlari haqida ma‘lumot berilmagan, faqat Xitoy bilan yangi shartnoma 3 ming kishini ish bilan taminlashi aytilgan, xolos.

Asli Turkmaniston gazini Xitoyga yetkazadigan quvur 2009 yil dekabrida ishga tushirilgandi.

"Markaziy Osiyo-Xitoy" transnatsional gaz quvuri Turkmaniston, O‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy prezidentlari tomnidan ochilgan.

Markaziy Osiyoning uch davlati xududidan o‘tgan quvurning uzunligi 6000 kilometrni tashkil etishi aytiladi.

Ushbu gaz quvurining O‘zbekistondan boshlanadigan ikkinchi tarmog‘i 2010 yil oktyabrida ishga tushirilgan.